Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroparlament 19 yanvardagi yig‘ilishida Polshadagi siyosiy vaziyatni muhokama qiladi
Yevroparlament 19 yanvarda bo‘lib o‘tadigan yalpi yig‘ilishda Polsha hukumati olib borayotgan siyosatni muhokama etadi. Bu haqda Deutsche Welle xabar bergan.
Yevroparlament rahbari Martin Shults, yig‘ilishga izoh berar ekan, Polshadagi siyosiy vaziyat Yevropaning asosiy qadriyatlariga qarama-qarshi ekanligini ta'kidlagan.
Varshavaning Bryusseldan mustaqil bo‘lishga harakat qilayotgani va Yevrokomissiya yangi polyak hukumati islohotlaridan hayratda ekanligi aytilmoqda. Jumladan, Yevrokomissiya tomonidan ma'lum qilinishicha, Konstitutsiyaviy sud va OAV haqidagi qonunlar, ommaviy axborot vositalari ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga urinish hisoblanib, mazkur harakat YeI qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi.
Avvalroq, Polsha prezidenti Anjyey Duda OAV to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi hujjatni imzolagandi.
Ba'zi polyak jurnalistlarining fikricha, bu o‘zgartirish mamlakatda matbuot ustidan nazoratni kuchaytiradi. Yangi qonun sabab bir qator davlat telekanallari rahbarlari lavozimidan chetlatilgan.
Bundan tashqari, 28 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, endilikda mazkur organ qonunchilik sohasidagi kelishmovchiliklarda hal qiluvchilik rolidan mahrum etilib, parlament quyi palatasiga tegishli murojaatlar yuborishi hamda sudlar faoliyatiga faqat prezident va adliya vaziri so‘roviga ko‘ra aralashishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.