Jahon | 12:58 / 11.01.2016
2808
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya hukumati KXDRdagi texnoparkka kirishni maksimal darajada cheklaydi

Janubiy Koreya hukumati KXDRning Keson shahri yaqinidagi texnoparkka kirishni maksimal darajada cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu Shimoliy Koreyaning yadro sinovini amalga oshirganiga javob tariqasida amalga oshiriladi, deya xabar bermoqda Ryonhap agentligi.

“Kesondagi texnoparkka kirishni chegaralash qarori qabul qilindi, bunda texnopark tarkibiga kiruvchi korxonalar bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha eng kam miqdordagi kerakli xodimlar istisno etiladi”, - deya Ryonhap agentligi Koreya Respublikasi hukumatidagi axborot manbasi so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Uning ma'lumotiga ko‘ra, “eng kam miqdordagi kerakli” janubiy koreyalik Keson sanoat zonasi xodimlari qurolsizlantirilgan hududdan shu kunning o‘zida ishlashga borib-kelishadi.

Koreya yarim orolidagi vaziyat 6 yanvar kuni KXDR tomonidan to‘rtinchi bor yadro sinovi o‘tkazilganidan so‘ng keskinlashdi. Pxenyan mazkur portlash vodorod bombasi sinovi natijasi ekanini ma'lum qildi. Janubiy Koreya esa bunga javob tariqasida chegara bo‘ylab 11 hududga ovoz kuchaytiruvchi karnaylar yordamida radiotashviqotlarni boshlab yubordi.

“Eshittirishlarning qayta yo‘lga qo‘yilishi ortidan qurolsizlantirilgan hududda keskinlikning ortishi ehtimoli oshdi, shu munosabat bilan fuqarolarimizning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash uchun choralarni ko‘rish zaruriyati paydo bo‘ldi”, - dedi agentlik suhbatdoshi.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya Kesondagi texnoparkka kirishni birinchi marta cheklayotgani yo‘q. 2009 yilda KXDR ikkinchi marta yadro sinovini o‘tkazganida, 2010 yilda shimolliklar Sariq dengizdagi Yonpxyondo orolini o‘qqa tutganida ham Kesondagi janubliklar soni eng miqdorga tushirilgan edi.

Keson yaqinidagi Janubiy Koreya sanoat zonasida 2004 yildan buyon Koreya Respublikasining 120ta kichik va o‘rta biznes korxonasi Shimoliy Koreyaning arzon, ammo malakali ishchi kuchidan foydalangan holda o‘z mahsulotini ishlab chiqaradi. Ayni paytda sanoat zonasida 53 ming nafar KXDR fuqarosi oyiga 70,35 dollar maosh olib mehnat qilmoqda.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish