Texnologiya | 19:20 / 11.01.2016
9493
2 daqiqa o‘qiladi

Metall korpusli Xiaomi Redmi 3 smartfoni 105 dollardan sotilmoqda

Xiaomi kompaniyasi Xitoyda 5 dyuymli Redmi 3 smartfonining rasmiy namoyishini o‘tkazdi. Yaxshigina imkoniyatlarga ega smartfon 105 dollarga baholandi.

Yangi smartfon tasvirlar ravshanligi 720p`ga teng bo‘lgan 5 dyuymli sensor displey, 8 yadroli, Adreno 405 grafik tezlatkichli Qualcomm Snapdragon 616 protsessori, 2 Gbayt operativ, 16 Gbayt doimiy xotiraga ega. Unga 128 Gbaytgacha hajmli microSD xotira kartalarini o‘rnatish mumkin.

Smartfonning f/2 diafragmali va PDAF fazaviy avtofokusli orqa kamerasi 13 Mp bo‘lsa bor-yo‘g‘i 0,1 soniya ichida fokus oladi. Selfi va videochatlar uchun esa 5 Mp li old kamera o‘rnatilgan.

Xiaomi Redmi 3 smartfoni ikkita SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq ulardan biri microSD uchun slot bilan ustma-ust tushgan.
Batareyasining hajmi 4100 mA•soat bo‘lib, tezlashtirilgan quvvatlash funksiyasi yordamida smartfonning suhbat rejimi avvalgi shu turkumdagi smartfonga qaraganda 80 foizga oshgan. Metall korpusli smartfonning hajmi 139,3 × 69,6 × 8,5 mm, vazni 144 grammni tashkil etadi. Smartfon Android 5.1 Lollipop operatsion sistemasi asosida ishlaydi.

Xiaomi Redmi 3 12 yanvar kuni uch xil rangda Mi.com sayti va Tmall internet-do‘konida savdoga chiqariladi.