O‘zbekiston | 09:39 / 12.01.2016
3799
3 daqiqa o‘qiladi

2015 yilda 50 mingga yaqin diniy materialning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan

2015 yilda bojxonachilar hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari tomonidan 1200 dan ziyod bojxona qoidabuzarligi aniqlangan, 50 mingga yaqin diniy materialning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. Bu haqda O‘zA O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga asoslanib xabar qilmoqda.

Xabarda keltirilishicha, axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi bilan diniy mazmundagi adabiyotlar, foto va videomateriallarni mobil telefonlari, noutbuk va turli xotira qurilmalari orqali olib kirishga urinish holatlari ko‘paymoqda.

Masalan, fuqaro M.Nosirova (ism-sharifi o‘zgartirilgan) nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda buyumlar orasiga yashirilgan tashqi xotira qurilmasida diniy mazmundagi va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi hujjatli filmlar borligi aniqlangan.

Poytaxtimizning “Keles” temir yo‘l chegara bojxona postida Moskva-Toshkent poyezdi yo‘lovchisi F.Bekmatovning yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, undagi mobil telefonda diniy ekstremistik va terrorizmni targ‘ib qiluvchi fotosuratlar aniqlangan. Ufa-Toshkent poyezdi yo‘lovchisi Sh.Odilovning mobil telefoni xotirasida ham diniy mazmundagi, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi videofayllar borligi ma'lum bo‘lgan.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ham diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldi olinmoqda.

Ufa-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozini yakunlagan I.Hamidovning qo‘l telefoni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda 10 dona, M.Salimovning uyali aloqa vositasi xotirasida 30 dona diniy mazmundagi ma'ruza borligi aniqlangan. Bunday materiallar xorijiy davlatlardan qaytgan qator shaxslar mobil qurilmalarida topilgan.

Hozirgi kunda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 yanvardagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, diniy adabiyotlarni olib kelish, sotish va tarqatish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Qo‘mita ekspertlari mamlakatimizga olib kirilayotan diniy mazmundagi media va matbaa mahsulotlarini o‘rganib chiqadi, ularni mamlakatimiz hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish yuzasidan xulosalarini beradi.