Jahon | 14:10 / 12.01.2016
7420
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbuldagi markaziy maydonda portlash sodir bo‘lishi oqibatida germaniyalik sayyohlar jarohatlandi

Toshkent vaqti bilan soat 13:20da Istanbul shahrining Yevropa qismidagi Sultonahmad tumanida portlash sodir etildi. Bu haqda Doğan axborot agentligi ma'lumotiga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatdi.

Turkiya axborot agentligi xabariga ko‘ra, shahar markazidagi portlash ovozi atrof hududlarda eshitilgan.

CNN Turk telekanalida maydon hududiga tez tibbiy yordam mashinalari va politsiyachilar yetib kelgani ko‘rsatilgan. Sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan bu maydon ayni vaqtda yopib qo‘yilgan.

Portlash sababi hozircha aniqlanmagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bir qancha kishi portlash tufayli jabrlangan.

NTV telekanali ma'lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlar orasida Germaniyadan kelgan sayyohlar bor.

Taxminlarga ko‘ra, bu portlash terrorchi tanasiga o‘rnatilgan portlovchi qurilmaning harakatga keltirilishi evaziga sodir etilgan.