Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Suriyadagi ixtilofda Asad ko‘p xato qilganini tan oldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida Suriya prezidenti Bashar Asad ixtilof chog‘ida ko‘p xato qilganini tan oldi.
“Prezident Asad o‘z odamlari ustiga bomba tashlagan va o‘n minglab odamlarning o‘limi uchun javobgar. Asad ittifoqchingizmi? Agar shunday bo‘lsa, nega?”, - deb so‘radi jurnalist Putindan.
“Bu qiyin savol, - tan oldi Rossiya yetakchisi. – Men Asad ixtilof davomida ko‘p xato qilganiga ishonaman. Shu bilan birga, agarda Suriya ixtilofiga chetdan qurol, pul va jangarilar yetkazilmaganida, u bu qadar keng miqyosga yoyilmasdi”.
“Kim javob berishi kerak? Mamlakatni saqlab qolishga harakat qilayotgan Asad hukumatimi? Yoki mamlakatni bo‘lib yuborishga urinayotgan va hukumat bilan olishayotgan isyonchilarmi?”, - qo‘shimcha qildi Putin.
Prezident Moskva Suriyaning Iroq va Liviya yo‘lidan borishini istamasligini, shu bois qonuniy hokimiyatni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tdi.