Jahon | 22:13 / 12.01.2016
6201
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya bosh vaziri Merkel bilan Istanbuldagi terakt tafsilotlari xususida gaplashdi

Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefon muloqoti o‘tkazib, Istanbul shahrida sodir etilgan terakt to‘g‘risida gaplashdi

Reyter agentligida yozilishicha, bosh vazir Merkel xonimga terakt bo‘yicha olib borilayotgan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha doimiy ravishda axborot berib turishni va'da qilgan.

Bundan tashqari, manbada terakt oqibatida halok bo‘lgan 10 kishidan to‘qqiz nafari Germaniyalik ekani aytilgan.

Bugun mahalliy vaqt bilan soat 10:20da (Toshkent vaqti bilan soat 13:20da) Istanbul shahrining Sultonahmad tumanidagi maydonda terrorchi o‘zini portlatishi tufayli 10 kishi halok bo‘ldi va 15 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlarning 9 nafari germaniyalik sayyohlar bo‘lishgan. Shuningdek, bu teraktda Norvegiya, Janubiy Koreya hamda Peru fuqarolari bo‘lgan sayyohlar jabrlangan.

Biroz oldinroq, bu terakt ijrochisi IShID a'zosi bo‘lgani xabar qilingandi.