Jahon | 12:01 / 13.01.2016
3729
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti Xitoy KXDRga javob qaytarishda hal qiluvchi rol o‘ynashiga umid bildirdi

Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe KXDR tomonidan yadro sinovi o‘tkazilganiga xalqaro hamjamiyat javobida Xitoy hal qiluvchi rol o‘ynashiga umid bildirdi, deya xabar tarqatdi Reuters.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning ushbu rolni o‘ynashiga BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zoligi imkon beradi.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya prezidenti Pxenyan bundan keyin ham o‘z tashviqotini davom ettirishi mumkinligini aytib o‘tdi. Jumladan, Shimoliy Koreya kiberterrorizm bo‘yicha ish olib borishi ehtimoli mavjudligiga ishora qildi.

6 yanvar kuni Shimoliy Koreya AQShning tahdidlaridan himoyalanish uchun o‘z vodorod bombasini yaratganini ma'lum qilgan edi. Bunga javoban amerikaliklar 10 yanvar kuni Janubiy Koreyaga Tinch okeanining Guam orolidagi bazasida turgan atom bombasini tashiydigan V-52 bombardimonchisini joylashtirdi.

Shuningdek, Seul kuchli karnay (kalonka)lar yordamida Shimoliy Koreya rejimi tanqid qilingan eshittirishlarni uzatishni boshladi. Bu eshittirishlarni chegaradan 24 kilometrgacha masofada yashaydigan shimollik koreyslar tinglayapti.