O‘zbekiston | 18:38 / 14.01.2016
10474
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasida “14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Davlat bojxona qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 24 yilligi munosabati bilan hamda “14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Kun.uz`ga xabar qildi. Unda qo‘mita Markaziy apparati xodimlari, bojxona faxriylari Toshkent shahri va viloyati bojxona boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Milliy kinologiya markazi, Oliy harbiy bojxona institutidan vakillar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimovning mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida ta'kidlanganidek, “Bugun biz, milliy armiyamiz tarixiy va milliy an'analarimizni saqlagan holda, harbiy qurilish va harbiy san'at sohasida dunyodagi eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirib, chegaralarimiz xavfsizligini ta'minlashning ishonchli kafolatiga aylandi, deb g‘urur bilan ayta olamiz. O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi bo‘lgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, o‘z muqaddas harbiy burchini bajarish yo‘lida qat'iy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega bo‘lgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni ko‘ramiz va ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.”

Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi Z.Dusanov so‘zga chiqib, Vatanimiz Qurolli Kuchlari o‘tgan tarixan qisqa davrda murakkab shakllanish yo‘lini bosib o‘tgani va bugungi kunda son jihatdan ixcham, harakatchan, zamonaviy talablarga javob beradigan, yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan armiya sifatida o‘zini namoyon etayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va boshqa huquqni himoya qilish organlari qatorida Davlat bojxona qo‘mitasi ham davlatimiz xavfsizligini ta'minlash, uning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda davlat xazinasiga bojxona to‘lovlarini undirish kabi muhim vazifalarni sharaf bilan bajarib kelmoqda.

Respublikamizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida, bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini yanada oshirishda bojxona nazoratining zamonaviy mexanizmlari va axborot - kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish, bojxona postlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kontrabanda va bojxona qonunlari buzilishiga qarshi kurashishni kuchaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada, o‘tgan 2015 yilda bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 20 mingdan ortiq qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, qiymati 70 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida ushlab qolindi.

Shu bilan birga, xizmat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sidqidildan va vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. 2015 yil davomida Nukus, Termiz, Bekobod shaharlarida, bu yilgi Vatan himoyachilari kuni arafasida esa Angren shahrida bojxonachilar uchun yangi xizmat uylari qurilib foydalanishga topshirildi.

Har yili Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoni asosida yurt osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizning taqdirlanishi ezgu an'anaga aylangan. Bu yil ham huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan biri guruhi sharaflandi va ular orasida 2 nafar bojxonachilar ham bor.
Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi katta tezkor vakili Bekzod Shukurov “Jasorat” medali bilan hamda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi chegara-bojxona posti kontrabandaga qarshi kurashish guruhi katta tezkor vakili Shahboz Razikov “Shuxrat” medali bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida davlatimizning yuksak mukofotlari o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, xizmat faoliyatida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh soha xodimlari ham bayram munosabati bilan taqdirlandi.