Jahon | 11:58 / 14.01.2016
2904
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya prezidenti Jakartadagi portlashlarni terakt sifatida baholadi

Indoneziya prezidenti Joko Vidodo 14 yanvar kunining birinchi yarmida mamlakat poytaxti Jakarta shahrida yuz bergan davomli portlashlarni terakt deb atadi. Bu haqda Frans Press xabar bergan.

"Millatimiz va xalqimiz qo‘rqmasligi kerak, terrorchilik harakatlari bizni mag‘lub eta olmaydi, umid qilamanki, jamiyatda osoyishtalik saqlanib qolinadi. Biz barchamiz bugungi voqealar natijasida halok bo‘lganlar uchun ta'ziya bildiramiz. Xavfsizlik va tinchligimizni buzib, odamlarda qo‘rquv uyg‘otayotganlarni esa qattiq qoralaymiz", - dedi Vidodo.

Bundan avvalroq shaharda oltita portlash qayd etilgani, ulardan biri Sarinah nomli savdo markazi, yana biri BMT binosi va Starbucks kafesi oralig‘ida sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Porlashlar ro‘y bergan tumanda hashamatli mehmonxonalar, ofis binolari hamda bir qancha davlatlarning elchixonalari joylashgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, davomli portlashlar natijasida 6 kishi halok bo‘lgan. Guvohlar portlashlardan keyin ro‘y bergan otishma vaqtida bir politsiya ofitseri o‘q yeb, yerga qulaganini ko‘rishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish