Jamiyat | 08:03 / 15.01.2016
4394
4 daqiqa o‘qiladi

Bavariyalik siyosatchi 1800 nafar qochqinni qabul qilib, qolganlarini Merkelning oldiga yubordi

Bavariyalik siyosatchi, Landsxut shahri ma'muriyati rahbari Peter Drayyer mamlakat kansleri Angela Merkelga muhojirlarga to‘la bo‘lgan avtobusni jo‘natgan. Bu haqida 14 yanvar kuni Die Welt xabar qildi.

“Drayyer okrugda ro‘y berayotgan voqealarga jamoatchilik e'tiborini qaratmoqchi. U bu bilan toki ro‘y bergan inqiroz ta'sirini Merkelning o‘zi his qilmas ekan, hech narsa o‘zgarmasligi amalda ko‘rsatib bermoqchi”, — deb yozadi Die Welt nashri, siyosatchiga yaqin manbadan olingan ma'lumotlarga asoslangan holda.

Nashriyot tomonidan taqdim etilgan kadrlarda o‘nlab kishilar Germaniya poytaxtigacha bo‘lgan 550 kilometr masofani bosib o‘tish uchun politsiya nazorati ostida avtobusga chiqayotganini ko‘rish mumkin.

Qochqinlarni chiqarib yuborish avvaldan rejalashtirilgan edi: deputat kanslerga 2015 yilning oktabr oyida shunday qadam bilan tahdid qilgan. “Agar Germaniya million qochqinni qabul qilsa, matematik hisobga ko‘ra, mening okrugimda ularning soni 1800 nafar bo‘ladi. Men ularni qabul qilaman, biroq ko‘proq bo‘lsa, ularni ofisingizga yuboraman”, - degan edi u Angela Merkelga telefondagi suhbat chog‘ida.

Bavariya federal yer bo‘lib, u orqali ko‘plab qochqinlar Germaniya hududiga kelib tushadi.

Xristian ijtimoiy uyushmasi partiyasidagi Merkelning ittifoqdoshlari uni mamlakatga kelayotgan muhojirlar sonini chegaralashga chaqirishgan edi. Kantsler bunday qadamga rozilik bermagan, uni bajarish imkonsizligini aytgan.

Muhojirlik bo‘yicha xalqaro tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda Yevropa hududiga bir milliondan ortiq muhojir kelgan. 800 mingdan ortiq kishi Gretsiya va Turkiya orqali kelgan bo‘lib, ulardan 455 ming nafari suriyalik va 186 ming nafari afg‘onlardan iborat.

Dengizda yuz bergan halokatlar natijasida deyarli 3,7 ming muhojir halok bo‘lgan. O‘tgan yil bilan taqqoslanganda, majburiy ko‘chuvchilar soni to‘rt marta oshdi. Yevropaga asosan Suriya, Iroq, Liviya va Afg‘oniston kabi urush ketayotgan mamlkatlardan qochoqlar kelishga intiladi.

Avval muhojirlarni qabul qilgan bir qator YeI mamlakatlari limit tugaganini e'lon qilishgan, xususan Shvetsiya hukumati mamlakat boshqa muhojirlarni sig‘dira olmasligini ma'lum qilgan va ularga eng ko‘p muhojir qabul qilgan Germaniyada qolishni maslahat bergan. 14 dekabrda Berlin qochoqlar oqimini kamaytirish choralarini qo‘llashga qaror qabul qilgani ma'lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, yangi yil oqshomi kuni Kyoln shahrida yashovchi odamlar va kyolnlik xotin-qizlarga muhojir va qochqinlar tomonidan ommaviy hujumlar uyushtirilgan. Politsiyachilar xabariga ko‘ra, shu paytgacha huquqni muhofaza qilish organlariga shahvoniy zo‘ravonlik qurbonlariga aylangan 600 nafar nemis xotin-qizlaridan arizalar kelib tushgan.

Ushbu voqealardan keyin butun Germaniya bo‘ylab musulmon davlatlaridan kelgan kishilarga hujumlar uyushtirilishi holatlari qayd etilgan. Germaniya fuqarolari, shuningdek, ommaviy norozilik namoyishlari bilan chiqishlar qildi. Yuqoridagi kabi jinoyatlar Germaniyaning Gamburg, Shtatgar, Berlin singari shaharlarida ham ro‘y bergani xabar qilinmoqda.

Yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rovnomalar xulosasiga ko‘ra, ayni vaqtda Germaniya aholisining 60 foizi qochqinlarning yangi oqimini qabul qilishga qarshi fikr bildirishgan.