Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sharqshunoslik institutida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Madaniyat saroyida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor A.Mannonov ochib berdi. U o‘z tabrigida barchani O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan qutladi. So‘ng tadbirga taklif etilgan mehmonlardan O‘zbek Milliy Akademik drama teatri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artisti Mahmud Ismoilov va aktrisa Vazira Yunusovaga so‘z berildi. Mahmud Ismoilov harbiylar hayotidan so‘zlab barchani tabriklagan bo‘lsa, Vazira Yunusova esa ijodidan bir parcha – “O‘zimdan o‘zimgacha” filmining bir lavhasini jonli ijroda talqin etib berdi.

Tabriklar guldastasi tugagach, “Sharq filologiyasi” 4-bosqich talabasi iqtidorli illyuzionist Dmitriy Polyakov tomonidan bir qator fokuslar taqdim etildi.
So‘ngra Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti ofitseriga navbat berildi. Tabrik so‘zlaridan keyin esa sahnaga ushbu bilim yurtining harbiy orkestri taklif qilindi. Orkestrning kayfiyatni ko‘taruvchi musiqalari tamomlangach, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti kursantlari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqish bo‘ldi. Ularning qurol bilan bir xilda, chaqqonlik, ehtiyotkorlik bilan ishlashi hammaning havasini keltirgan bo‘lsa ajab emas. Shu bilan birga, kursantlar o‘quv mashg‘ulotlaridan tayyorlangan qo‘l jangi sahnalarini namoyish etdilar.
Harbiy chiqishlar tugallangach, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakultetining 1-bosqich talabasi tomonidan “Erkak bo‘lish mazza!” xajviy monologi o‘qib eshittirildi. Tadbir so‘nggida yosh iqtidorli xonandalardan biri Muxlis Berdiyev o‘z qo‘shiqlar guldastasi bilan barchani xushnud etdi.







Nafosat Zafarova,
TDShI “Kamolot” YoIH BT kengashi a'zosi