Jahon | 09:48 / 16.01.2016
3551
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriya va Iroqda IShIDga qarshi 9,5 mingdan ortiq havo zarbalari amalga oshirgan

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari 1,5 yil vaqt davomida Suriya va Iroq hududida 9,5 mingdan ortiq havo zarbalari bergan. Bu haqda Oq uy tomonida ma'lum qilingan.

"Koalitsiyaning 20dan ortiq a'zosi Iroq va Suriya hududidagi jangarilarning bazalariga harbiy amaliyotlar boshlangan 2014 yilning yozidan beri 9,5 ming martadan ortiq zarba bergan. Bu hujumlarning 630tasi iroqlik harbiylarning Ar-Ramadini ozod etish uchun uyushtirilgan hujumlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan", deyiladi ma'muriyatda.

Bu havo zarbalari evaziga jangarilarga tegishli 3450dan ortiq avtomobil va tanklar, 1120dan ortiq artilleriya va minomyot qurollari, neft infratuzilmasiga oid 1170ta obekt yo‘q qilingan. Shuningdek, koalitsiya zarbalari natijasida IShIDning 13,5 mingdan ortiq harbiy pozitsiyasi vayron etilgan, shulardan 39tasi jangarilarni tayyorlash uchun qurilgan harbiy mashg‘ulot lagerlari hisoblanadi.

Qayd etilishicha, 2015 yilning dekabr oyidayoq IShIDning o‘nlab qo‘mondonlari o‘ldirilgan.