Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eskirgan, talabga javob bermaydigan asbob-uskunalarni olib kelish va ishga tushirish yuzasidan buyurtmachilarning javobgarligi kuchaytiriladi
15 yanvar kuni mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov eskirgan, talabga javob bermaydigan asbob-uskunalarni olib kelish va ishga tushirish yuzasidan buyurtmachilarning javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha Ma'muriy javobgarlik kodeksiga va Jinoyat kodeksiga aniq moddalar kiritish zarurligini ta'kidlab o‘tdi.
“Ilgari tushimizda ham ko‘rmaydigan investitsiyalar, avvalo, chet el investitsiyalarini iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga jalb etar ekanmiz, biz avvalo, shular hisobidan xorijdan olib keladigan texnika va texnologiyalar zamon talabiga javob beradigan eng yuqori darajada bo‘lishi shart”, - dedi yurtboshimiz.
Prezidentimizning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspert baholash agentligi tashkil etildi. Barcha buyurtmachilarning mazkur talablarga so‘zsiz rioya etishi birinchi navbatda ushbu agentlikdan qat'iy talab qilinadi.
“Yaqinda Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi tomonidan yengil va to‘qimachilik sanoati korxonalarida ushbu masala o‘rganib chiqilganida, qator jiddiy kamchiliklar borligi aniqlandi. Bunday tekshiruvlarni davom ettirish kerak”, - deya alohida ta'kidlab o‘tdi Islom Karimov.