Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: "Real" prezidenti Peres Ronaldu bilan o‘zaro ziddiyati tufayli uni sotib yubormoqchi
"Real" jamoasi prezidenti Florentino Peres jamoa yetakchisi, portugaliyalik 30 yoshli hujumchi Krishtianu Ronalduni joriy transferlar oynasi vaqtida sotib yuborishni istamoqda. Bu haqda El Mundo Deportivo nashri xabar tarqatgan.
Bunga ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlarga darz ketgani sababligi aytilmoqda.
Qolaversa, FIFA tomonidan "Real"ga keyingi 2ta transferlar oynasi vaqtida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaslik bo‘yicha qo‘llangan taqiq Peresning ushbu futbolchidan tezroq qutilib, o‘rnini yangisi bilan to‘ldirishga undayotgani aytilgan. Qayd etilishicha, agar bu taqiq bo‘lmaganida ham 3 marta "Oltin to‘p" sohibi bo‘lgan bu futbolchi bilan yozgi transferlar vaqtida xayrlashish mo‘ljallangan edi.
Manbaning yozishicha, Peres Ronalduning rahbariyatni tanqid qilishlaridan "to‘yib ketgan".
Bundan oldinroq, Ronaldu uchun "PSJ", "Manchester Yunayted" va "Manchester Siti" kabi jamoalardan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar berilgandi. Uning transfer qiymati 105 mln yevro etib belgilangan.
Futbolchining o‘zi ham bergan intervyularidan birida kelgusida MLS chempionatidagi jamoalardan birida faoliyatini davom ettirishi mumkinligini istisno qilmagandi.
Ma'lumot uchun, Ronaldu 2009 yilda "Manchester Yunayted" safidan Madridga rekord darajadagi mablag‘ evaziga kelib qo‘shilgandi. U o‘tgan vaqt ichida "Real" bilan 322ta o‘yin o‘tkazdi va 336ta gol urdi.