Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2016 yilda maosh, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 15 foizga oshadi
2016 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni 15 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Prezident Islom Karimov Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidagi ma'ruzasida ta'kidladi. Joriy yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur'atlari 7,8 foizdan iborat bo‘lishini ta'minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8,2 foiz, qishloq xo‘jaligida 6,1 foizga oshirish, chakana savdo aylanmasini 14 foiz, xizmatlar ko‘rsatish hajmini 17,4 foizga ko‘paytirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Inflyatsiya darajasini 5,5-6,5 foiz doirasida saqlab qolish, aholining real daromadlarini 9,5 foizga, o‘rtacha ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni, soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda, 15 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Ana shu vazifalarni amalga oshirishda 2016 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturining hayotga tatbiq etilishi o‘ta muhim o‘rin tutadi. Nega deganda, bu dastur sanoatda, butun iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
2016 yil uchun belgilangan, umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihasini belgilangan muddatlarda so‘zsiz ishga tushirishni ta'minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni kechiktirmasdan amalga oshirish lozim.
Birinchi navbatda, Toshkent – Samarqand – Buxoro tezyurar temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida har biri 450 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz turbinasi, Angren issiqlik elektr stansiyasida 150 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energiya bloki, Muborak gazni qayta ishlash zavodida 6 milliard kub metr gaz ishlab chiqaradigan uchta oltingugurt tozalash bloki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 70 ming tonna mis eritish quvvatiga ega bo‘lgan yangi pech qurilishini tugallash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Jizzax viloyatidagi sement zavodining quvvatini 1 million tonnagacha portlandsement ishlab chiqarish darajasida kengaytirish, «Jyeneral motors – O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida yangi «Aveo» (T-250) yengil avtomobili ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
2016 yilda qishloq joylarda 1 million 800 ming kvadrat metrdan ziyod hajmdagi 13 mingta uy-joy barpo etish, uzunligi 900 kilometr ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari, 325 kilometr yo‘l qurish mo‘ljallanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, 2016 yilda iqtisodiyotimizni rivojlantirish, modernizatsiya qilish va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun 17 milliard 300 million dollar qiymatidagi investitsiyalar yo‘naltirish, ularning o‘sish sur'atini 109,3 foizga yetkazish belgilangan. Ana shu investitsiyalarning 4 milliard dollardan ortig‘ini xorijiy investitsiyalar tashkil qiladi, bu 2015 yilga nisbatan 20,8 foiz ko‘pdir.