Jahon | 08:17 / 16.01.2016
3631
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada 60 kunlik favqulodda iqtisodiy holat e'lon qilindi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakatning barcha hudularida 60 kunlik favqulodda iqtisodiy holatni e'lon qildi, deya xabar qilinmoqda Sumarium nashriyoti saytida.

Qayd etilishicha, mazkur chora amaldagi konstitutsiya doirasida qabul qilingan. Farmon Venesuela televideniyasi orqali jonli efirda o‘qib eshittirilgan. Farmon barcha venesuelaliklarning ta'lim, sog‘liqni saqlash, turar-joy va sport bo‘yicha ijtimoiy huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan.

Farmon Maduro parlament oldida hisobot berishi kerak bo‘lgan vaqtdan bir necha soat oldin matbuotda e'lon qilingan. Bu prezidentning oppozitsiya tomonidan nazorat qilinadigan Milliy assambleya oldidagi ilk hisoboti bo‘ladi.

Iqtisodiyotda favqulotda choralarni qo‘llash haqida Maduro ilgari ham ogohlantirgan. Hozirda Venesueladagi vaziyat neft narhining pasayishi, hokimiyatning ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi bo‘g‘imlari o‘rtasidagi institutsional inqiroz tufayli mahsulotlar taqchilligi, inflyatsiya va davlat daromadlarining tushib ketishi fonida inqirozli tus oldi.

Venesuella qonunchiligiga ko‘ra, inqirozli vaziyatni hal etishda odatiy choralar yordam bermagan vaqtda favqulodda holat e'lon qilinadi. Bunday holatning e'lon qilinishi prezident vakolatlarini kengaytirish hamda konstitutsion kafolatlarni chegaralash imkonini beradi.

E'lon qilingan favqulodda holatga oid ko‘proq ma'lumotlar yangi iqtisodiyot vaziri Luis Salas tomonidan tez kunlarda ma'lum qilinadi. Avvalroq Maduro 90 foizdan ortiq ko‘rsatkichda neft daromadlariga bog‘liq bo‘lgan Venesuela iqtisodiyotida ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini taqdim etishi haqida gapirgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish