Jahon | 17:54 / 16.01.2016
2623
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada bo‘sh uylarni imtiyozli shartlarda bolali oilalarga ijaraga berish taklif qilinmoqda

Yaponiya hukumati mamlakatda aholi sonining kamayishi hamda yoshlarning yirik shaharlarga ko‘chayotgani sababli toboro ko‘payib borayotgan bo‘sh uy va kvartiralarni bolali oilalar va nafaqaxo‘rlarga imtiyozli tariflarda ijaraga berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

“Nikkey” nashrining yozishicha, shu yo‘l bilan hukumat ijtimoiy turar-joylarni qurishni o‘z zimmasiga olgan mahalliy byudjyetdagi zo‘riqish darajasini pasaytirishni mo‘ljallamoqda. Ayni paytda Davlat yerlari, infratuzilmalar, transport va turizm vazirligi mutaxassislari mazkur taklif ustida ish olib bormoqda. Hujjat ko‘rib chiqilishi uchun 2017 yilda parlamentga taqdim etiladi.

Turar-joyni imtiyozli tarifda ijaraga olish shartlari hududlarga qarab turlicha. Biroq oilaning o‘rtacha daromadi 158 ming iyen (1343 dollar atrofida) bo‘lishi kerak. Mazkur chegarani hukumat past daromadli yosh ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 259 ming iyen (2202 dollar atrofida)ga qadar oshirishni mo‘ljallamoqda.

2015 yilning may oyidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Yaponiyadagi barcha uy-joy fondining 15 foizi bo‘sh. Ularning ko‘pchiligi 1986-1991 yillardagi iqtisodiy “sovun ko‘pigi” davrida qurilgan. 1990- yillardagi iqtisodiy pasayishdan keyin mazkur qurilishlarga bo‘lgan talab pasayib ketdi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish