Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2015 yilda odam kontrabandasi bilan shug‘ullangan jinoyatchilar 6 mlrd dollar daromad qilishgan
2015 yilda odamlarni boshqa mamlakat hududiga noqonuniy yo‘llardan olib borish bilan shug‘ullanadigan jinoyatchilar 3 mlrd dollardan 6 mlrd dollargacha daromad qilishgan. Bu haqda Yevropol rahbari Rob Ueynraytga asoslanib, The Independent xabar tarqatgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlarning noqonuniy harakatlanishi orqali jinoyatchilar cho‘ntagiga kelib tushayotgan daromad miqdori o‘tgan yilda giyohvand moddalar tashuvidagidan ko‘proq bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Yevropaga Afrika va Osiyodan o‘tgan muhojirlarning 90 foizidan ortig‘i o‘zlarini bu qit'aga olib kelganlari uchun jinoyatchilarga pul to‘lashgan.
"Bizning ma'lumotimizga ko‘ra, har bir muhojir uchun jinoiy guruhlar 3 mingdan 6 ming dollargacha bo‘lgan mablag‘ni olishgan. Yo‘llarning og‘irligi va ishonchsizligi hisobga olinsa, bu o‘ta insofsizlik", deydi Rob Ueynrayt.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2015 yilda Yevropol odamlar savdosi bilan shug‘ullangani gumon qilingan 10 mingdan ortiq kishiga qidiruv e'lon qilgan.
2015 yilda Yevropaga 1,1 milliondan ortiq noqonuniy muhojir kirib kelgandi.