Sport | 18:43 / 17.01.2016
15611
5 daqiqa o‘qiladi

Bloger O‘zbekiston olimpiyachilarining Iroqqa qarshi o‘yinidagi xatolarini ko‘rsatib berdi

Bloger Zohid Akramov O‘zbekiston olimpiyachilarining 16 yanvar kuni U-23 Osiyo chempionati guruh bosqichi 2-turida Iroq termasiga 2:3 hisobida boy berilgan o‘yindan keyin "O‘zbekiston OTJ mag‘lubiyatida endi kimni ayblaymiz?" nomli blog yozdi.

"Hech kimning yarasiga “tuz sepish” niyatim yo‘q, ammo, dilimdagi gaplarni aytmasam bo‘lmaydi. Bugun barcha futbolsevar o‘zbek ahlining kayfiyati “0”, shu jumladan mening ham. Kechagi o‘yinni kuzatib, asablardan “asar” ham qolmadi. Tuppa tuzuk boshlangan o‘yin, yakunda biz uchun dahshatga aylandi. Janubiy Koreya bilan o‘yinda hamma aybni hakamlarga ag‘dargan edik. Adolatsiz penalti, haqqoniy bo‘lmagan qizil kartochka. Bu safar aybni kimdan izlaymiz?

Dastlabki o‘yinda himoyadagi pala-partishlik, uzatmalardagi qo‘pol xatolar, yetakchining yo‘qligi yaqqol ko‘zga tashlanib turgandi. Afsuski, ana shu xatolardan xulosalar chiqarilmadi va Iroqqa qarshi o‘yinda OTJ bosh murabbiyi xatoni takrorladi. Boltaboyev qizil olgani, Fomin ishonchni oqlamagani uchun maydonga qaytishmadi, ammo, Jamshid Iskanderov yana maydonga chiqdi. Koreyaliklar bilan o‘yinda uning passiv harakat qilishi, umuman olganda o‘yinga tayyor emasligini ko‘pchilik ko‘rdi, biroq, Babayan ko‘rgisi kelmadi. Ko‘rgan bo‘lsa ham xato sifatida qabul qilgisi kelmadi.

Himoyamizga nima bo‘ldi? Qani yoshlardagi jo‘shqinlik?

Birinchi gol bo‘lgan vaziyatni eslang. Iroqliklar chap qanotdan hujum uyushtirishdi. Chap qanotdan uzatilgan to‘p Iroq olimpiya terma jamoasining 19-raqam egasi Amjad Atvanga yetib bordi va u yakunda mo‘ljaldan adashmadi.

Iskanderovga e'tibor bering. U kimning va nimaning ortidan yugurib ketyapti. Atvan bilan oradagi bo‘shliqni qarang! Shunchaki maydonda yugurishning foydasi nima? Ikkinchi golda Igor Sergeyev ikkinchi so‘nggi himoyachi vazifasini bajardi. Qolgan himoyachilar qani? Kozak va Mirabdullayev kimni qo‘riqlayapti? Akrom Komilov zarbani shunchaki tomosha qilyapti-mi? Jarima maydonchamiz ichida yetti kishi nima qilib turibdi? Savollar cheksiz, ammo, kim bularga javob bera oladi?

Darvozamizga urilgan uchinchi gol ortiqcha ta'rifga muhtoj emas. Birinchidan, Kozak raqib futbolchisini o‘tkazib yubordi. Komilov va Mirabdullayev offsayd bor deya qo‘lini ko‘tardi-yu, shoshilmasdan orqaga qarab keta boshladi. Kozak ham offsayd bor deb o‘yladi va joyida to‘xtadi. Hakam hushtagi yangramagan edi. Biznikilar hushtak chalinguncha o‘ynash kerakligini bilishmadi.

Aytgim kelmaydi-yu, aytmasam bo‘lmaydi. Samvel Babayan o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan Iskanderov va Boltaboyev o‘rniga Oliy ligada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Rustam Ashurmatov, tajribali Abbos Maxstaliyev, asosiy tarkiblarda maydonga tushadigan Diyor Turopovni Dohaga olib borishi kerak edi. Bu mening shaxsiy fikrim, albatta. Biroq, aksariyat muxlislar ham ushbu fikrga qo‘shilsa kerak.

Ushbu o‘yinda hakamni faqat bir vaziyatda ayblash mumkin. Terma jamoamiz vakillari burchakdan to‘pni uzatayotganda raqib darvozaboni va o‘yinchisi to‘qnashib ketgani uchun ular erkin zarba ishlab olishdi. Osiyolik hakamlarning (albatta, Ravshan Ermatov bundan mustasno) saviyasi qanchalik past darajada ekanini ko‘rishimiz mumkin. Qolgan hamma ayb o‘zimizda. Xatolarni vaqtida bartaraf etish, ularni oldini olish kerak edi. Afsus, bunday bo‘lmadi va navbatdagi Olimpiya o‘yinlari biz uchun armon bo‘lib qoldi.

Yakunda uchrashuvdan olingan video lavhani e'tiboringizga havola etmoqchiman. Yo‘q, yo‘q. Asabni buzish uchun emas. Dostonbek Hamdamov va Temur Hakimovning gollarini ko‘rish uchun.