Sport | 12:55 / 17.01.2016
18238
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston olimpiya termasi Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashni to‘xtatdi. Murabbiyning izohi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2016 yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlari uchun yo‘llanmaga ega bo‘lmaydigan bo‘ldi. Samvel Babayan shogirdlari 16 yanvar kuni U-23 Osiyo chempionati guruh bosqichi 2-turida Iroq termasiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.


Bu o‘yindan keyingi matbuot anjumanida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan himoyadagi qo‘pol xatolar evaziga raqibga imkoniyat boy berilganini ta'kidladi.

«Ikkinchi uchrashuvda ham mag‘lub bo‘ldik. Afsuski, hozirgi kundagi bor imkoniyatimiz shunday ekani ko‘rinib qoldi. Iroq olimpiya terma jamoasi ham musobaqa g‘olibligi uchun da'vogar terma jamoa hisoblanadi. Bugun kurashni boy berdik. Ayniqsa, himoyadagi qo‘pol xatolar tufayli raqibga imkoniyatni boy berdik», — deydi Babayan.

«Bu futbolchilar bugun bizdagi mavjud eng kuchli futbolchilar. Ammo, himoya chizig‘i — bizning eng muammoli chizig‘imiz bo‘lib qolmoqda.

Uchinchi goldagi vaziyatda qanot hakami bayrog‘ini ko‘targan bo‘lsa ham o‘yin davom etdi. Boisi, bosh hakam uchrashuvni davom ettirdi va xushtagini chalmadi. Bizning futbolchimiz esa bu vaziyatda oxirigacha kurashish o‘rniga to‘xtab qoldi. O‘yin hakam hushtagigacha davom etadi va buni futbolchilar bilishi kerak. Afsuski, futbolchimiz (Vladimir Kozak nazarda tutilmoqda) o‘sha vaziyatda qanday saviyadagi futbolchi ekanini bildirib qo‘ydi. Yuqori saviyali futbolchilar bunday vaziyatlarda nima qilish kerakligini yaxshi biladi va bunday xatoga yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edi. Bugun Jamshid Iskanderov ham o‘zini ko‘rsata olmadi va uni almashtirdik», — dedi O‘zbekiston olimpiya termasi ustozi.

Samvel Babayan shuningdek, terma jamoa Yaman terma jamoasiga qarshi so‘nggi o‘yinda o‘z o‘yinini ko‘rsatishi kerakligini va xatolardan xulosa chiqarib, yaxshi o‘yin namoyish etishi kerakligini ta'kidladi.

«Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, so‘nggi uchrashuvda haqiqiy o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Biz ikkita kuchli jamoaga qarshi o‘ynadik va mag‘lub bo‘ldik. O‘zimizga bo‘lgan ishonchni qaytarish uchun, uchinchi turda g‘alaba qozonishimish shart», — dedi Babayan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish