Texnologiya | 21:54 / 18.01.2016
3440
2 daqiqa o‘qiladi

Fiat kompaniyasi Audi’ga Q2 va Q4 nomlarini ishlatishga ruxsat berdi

Audi kompaniyasi Fiat Chrysler Automobiles alyansi bilan yangi krossoverlar uchun Q2 va Q4 nomlarini berish borasida kelishib oldi. Bu haqda Audi boshlig‘i Rupert Shtadler ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Carscoops nashri.

Avvalroq Fiat Chrysler kompaniyasi Q2 nomini Alfa Romeo 147 va 159 modellarida o‘zi bloklanuvchi Torsen differensiallariga ega versiyalarni, Q4 nomini esa Maserati va Alfa Romeo markalari modellaridagi to‘liq privodli tizimni belgilash uchun ishlatgan.

Taxminlarcha, endilikda Q2 nomini Audi’ning yangi ixcham krossoveri oladi. Yangi avtomobil Volkswagen kompaniyasining MQB platformasida quriladi va A1 xetchbeki dvigateli bilan jihozlanadi. Ushbu yo‘ltanlamas bahorda Jyenevadagi avtosalonda namoyish qilinishi kutilmoqda.

Audi Q4 modeli esa keyingi avlod Q3 krossoverining kupe ko‘rinishidagi versiyasi bo‘ladi. Bu model qachon paydo bo‘lishi hozircha noma'lum. Car nashrining taxminicha, bu model Q3 va Q5 modellari o‘rtasidagi joyni egallaydi.