Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Skuter va kvadrotsikllarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shart
Xabaringiz bor, mamlakatimizda 2016 yilning 1 martidan boshlab bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari amalga kiritiladi.
Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalariga 15 ta qo‘shimcha kiritildi. Bundan tashqari, bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ayrim atamalar hamda tushunchalarga aniqliklar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB boshlig‘i, polkovnik Xolmatjon Saydaliyevning Ichki ishlar vazirligi saytiga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, endilikda dvigatel ish hajmi 50 sm3 dan yuqori, tezligi soatiga 50 kilometrdan ortiq skuter, elektroskuter va kvadrotsikllar transport vositalari mototsikl sifatida ro‘yxatga olinadi va ularga davlat raqam belgilari beriladi.
Bunday turdagi transport vositasini boshqaradigan haydovchilar «A» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishlari shart bo‘ladi.
Agar bunday qoidabuzarlik qayd etiladigan bo‘lsa, haydovchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan chora ko‘riladi.
Ya'ni, foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalari boshqarilsa, Kodeksning 125-moddasining 5-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida jarima solinadi. Agar haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasi boshqarilsa, Kodeksning 135-moddasining 2-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanadi.