Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“O‘zmetkombinat” AJ 760 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirishni boshlaydi
“O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ (“O‘zmetkombinat”, Toshkent viloyati, Bekobod) 2016 yilda umumiy qiymati 760 mln dollarni tashkil qiluvchi loyihalarni amalga oshirishni boshlaydi, deb xabar bermoqda korxona vakili.
“Hukumat biz joriy yilda amalga oshirishni boshlaydigan 7 ta loyiha ro‘yxatini tasdiqladi”, deb aytdi vakil.
Xususan, kombinat 2016 yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Tebinbuloq titan-magnetit rudalar koni negizida qazib oluvchi majmua qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Dastlabki qiymati 600 mln dollarni tashkil qiluvchi bu loyiha 2021 yilgacha har yili 500 ming tonna po‘lat mahsulotni ishlab chiqaruvchi quvvatlar va metallurgik majmuani yaratishni ko‘zda tutadi.
“O‘zmetkombinat”, shuningdek, Markaziy Qizilqumlardagi konlar negizida ferroquymalar ishlab chiqarish korxonasini yaratishni boshlaydi. 2017 yilda korxona har yili 15 ming tonna ferrosilitsiy ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni, 2018 yilda 10 ming tonnagacha ferrosilikomarganets ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Import o‘rnini bosish dasturi doirasida korxona joriy yilda “300” stanida yiliga 100 ming tonna chiviq po‘lat hamda po‘lat arqon, shina ishlab chiqarish sanoati uchun metallokord va mashinasozlik sanoati uchun mahkamlovchi detallarni ishlab chiqaruvchi loyihalarni ishga tushiradi.
“O‘zmetkombinat” AJ O‘zbekistondagi eng yirik qora metallurgiya korxonasi hisoblanadi. Kombinatga 1956 yilda asos solingan. 2014 yil natijalariga ko‘ra, kombinat 751,4 ming tonna po‘lat, 725,2 ming tonna qora metall prokati ishlab chiqargan. 2015 yil bo‘yicha kombinat ishlab chiqarish hajmi hali ma'lum qilinmadi.