Jamiyat | 18:46 / 19.01.2016
11448
4 daqiqa o‘qiladi

Moskvada taniqli rejissyor Shuhrat Abbosovning 85 yillik yubileyi nishonlandi

Buyuk rejissyor Shuhrat Abbosovning 85 yillik yubileyi Moskvada nishonlanishi nafaqat Moskvada, balki butun dunyo kino va matbuot olamida duv-duv gap bo‘ldi. Rossiya kinochilar uyushmasi¸ Rossiya davlat kino jamg‘armasi¸ aktyorlar gildiyasi va UzTvRus studiyasi tashkilotchiligida o‘tkazilgan tadbirga o‘zbek kinosining oqsoqolini qutlash uchun uning do‘stu yorlari dunyoning turli burchaklaridan Markaziy Kino uyiga jam bo‘ldilar.

Yubiley uchun ona shahri Toshkentdan atay tashrif buyurgan Shuhrat Abbosov qariyb 4 soat mobaynida qutlovlarni qabul qildi, o‘z kinofilmlaridan lavhalar tomosha qildi, xotiralar bilan o‘rtoqlashdi, necha yillardan beri ko‘rishmagan qadrdonlari diydoridan yayradi. Yana muhabbat haqidagi bir biridan go‘zal she'rlarni o‘qib, mehmonlar dilini zavqqa to‘ldirdi. 85 yoshida ham shunday kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoatga to‘la rejissyor yig‘ilganlarga mazmunli umr kechirishning yaqqol ibrati bo‘ldi. Otaxon rejissyordan yog‘ilayotgan nuru quvvat har bir so‘zga chiqqan insondan to zalning eng orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan tomoshabingacha yetib bordi.

Shuhrat Abbosov filmlarida suratga tushgan RF xalq artistlari Valentina Talyzina, Natalya Arinbasarova, Natalya Varley, Larisa Lupian, Rossiya kino aktyorlari gildiyasi prezidenti Sergey Nikonenko, Rossiya kinomatografchilar Ittifoqi rais o‘rinbosari Oleg Ivanov, Rossiya televideniyesi diktori Vladimir Berezin, rejissyorlar Ali Hamroyev va Elyor Eshmuhammedov, xonandalar Aziza Muhammedova, Ziyod Eshonxujayev, sport ustasi Marat Kabayev, ma'rifatparvar Xabib Abdullayev (Xabib Abdullayevning nevarasi), ko‘plab davlat va jamoat arboblari, taniqli san'at ustalari va tadbirkorlar ishtiroki va tabrigi ustozni to‘lqinlantirib yubordi, tadbir davomida quvonch ko‘z yoshlarini yashirmadi.

SSSR xalq artisti Shuhrat Abbosovning 85 yillik yubileyi faqatgina qutlov kechasi emas, Moskvada ma'rifat bayrami bo‘ldi. Bu tadbir keyingi yillarda bu o‘lkada millatdoshlarimizga nisbatan ortib borayotgan xira fikrlarni yorib chiqqan quyoshday porladi. Yubiley arafasida buyuk rejissyor misolida o‘zbek nomi yana bir karra ziyolilar va iste'dodlar timsoli sifatida ulug‘landi. Yana bir jihatdan esa, yubiley chin Ustoz va shogirdlik maqomining yaqqol namunasi bo‘ldi. Shuhrat Abbosovdek ustozidan haqli ravishda faxrlangan Ulug‘bek Yuldashev ushbu tadbirning asosiy tashkilotchisi va mezboni bo‘ldi. Yaxshi shogird farzand singari, yoki undan ham yaqin bo‘lishi shu yubileyda yaqqol ko‘rindi.

Ma'lumot uchun, Shuhrat Abbosov – O‘zbekiston Davlat mukofoti va boshqa ko‘plab yuksak mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan.

1931 yil 16 yanvarda Qo‘qonda tavallud topgan. 1949 yilda Toshkent Tibbiyot texnikumini tamomlagan.

1954 yilda A.N.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik san'ati instituti (Hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Teatr san'ati instituti), 1958 yilda esa "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarida tahsil oladi.

Abbosov avvaliga Yangiyo‘l drama teatrida bosh rejissyor, 1959 yildan boshlab "O‘zbekfilm" kinostudiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan.

Filmlari: "Mahallada duv-duv gap" (1960), "Sen yetim emassan" (1963), "Toshkent-non shahri" (1968), "Olovli yo‘llar" (1977-1983), "Katta urushdagi kichik odam" (1990) "Otamdan qolgan dalalar" (1998)

Sohiba Hayitboyeva,
mustaqil jurnalist.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish