Texnologiya | 11:58 / 19.01.2016
18759
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi yilda O‘zbekistonda mobil aloqa qanday bo‘ladi?

2016 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistondagi barcha mobil aloqa operatorlari daromad solig‘ining “suzuvchi” stavkalariga ko‘chdi. Ya'ni ular endilikda faoliyatining rentabelligidan kelib chiqqan holda soliq to‘lashadi. Sputnik agentligi yangi yilda O‘zbekistonda mazkur soha qanday ahvolda bo‘lishini o‘rganib chiqdi.

Bir tomondan, global o‘zgarishlar tufayli mobil xizmatlar narxi oshishi kutilmoqda, lekin kompaniyalar regulyatorning bosimi ostida narxlarni birdaniga ko‘tarishga jur'at qilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ta'kidlanishicha, narxlar oshishidan qochib bo‘lmaydi.

Kuchli raqobat sharoitida ichki bozorda yaqindan faoliyatini boshlagan UMS va Uzmobile kompaniyalari haliveri narxlarni tushirib, bozorning yetakchilari bo‘lmish Beeline va Ucell bilan bellasha olmaydi, negaki tushumning katta qismi hozircha banklardan olingan kreditlarni yopishga ketmoqda.

Bozorning asosiy o‘yinchilari bo‘lmish Beeline va Ucell o‘tgan yil davomida qo‘shimcha bazaviy stansiyalar o‘rnatib, ularning uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun muqobil energiya manbalarini yaratdi. Bu uzoq hududlarda aloqa sifatini ta'minlashga ko‘mak beradi.

Lekin, shunga qaramay, aholi mobil aloqa sifatidan nolishda davom etmoqda. O‘tgan yili regulyator tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar asnosida aniqlangan muammolar tufayli operatorlarga sifatni oshirish borasida ko‘rsatma berilgan edi.

Shu bilan birga, yangi soliq stavkalariga ko‘ra, agarda faoliyat rentabelligi 20 foizni tashkil qilsa, u holda kompaniya soliqni eski stavka bo‘yicha 7.5 foiz miqdorida to‘lashda davom etadi. Agarda rentabellik darajasi 20 foizdan ortsa, u holda undan yuqori daromadning 50 foizi soliq sifatida olib qo‘yiladi. Shu tariqa, kompaniyalar uchun ko‘p daromad olish amalda zarar ko‘rishga teng bo‘lib qoldi. Bu holat tushumning ko‘payishiga ham to‘siq yaratadi.
Bundan tashqari, yil boshidan operatorlar tomonidan abonent raqamlaridan foydalanilishi uchun undiriladigan to‘lov ham ikki barobarga oshdi: ilgari bu ko‘rsatkich 750 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, endilikda 1.5 ming so‘mga tenglashdi. Summaning 80 foizi byudjyetga yo‘naltiriladi, qolgani esa axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining maxsus hisobiga tushiriladi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, mobil aloqa xizmatlari uchun to‘lovlar indeksatsiyasidan so‘ng bir abonent xarajatlari oyiga o‘rtacha 11757 so‘mdan (3.97 dollar) 12507 so‘mga (4.22 dollar) yetadi, ya'ni o‘sish 6.3 foizni tashkil qiladi.

Natijada operatorlar tariflarni oshirishga majbur bo‘ladi. Raqobat sharoitida esa hech bir kompaniya birinchi bo‘lib narxlarni ko‘tarishni boshlashni istamaydi, lekin bundan qochib bo‘lmaydi.

Bir tomondan, bu ahvol ikki yetakchi kompaniya o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytiradi, bu esa abonentlarga naf keltirishi mumkin. Boshqa tomondan esa, kompaniyalarning strategik loyihalari uchun mo‘ljallangan byudjyetning kamayishiga va tushum o‘sishining to‘xtashiga olib keladi. Birinchi zarba tarmoq sifatini oshirish va bazaviy stansiyalarni kengaytirish loyihalariga beriladi: ularni to‘xtatish yoki qisqartirishga to‘g‘ri keladi. Bu pirovardida aloqa sifatining yanada yomonlashuviga sabab bo‘ladi.

“Albatta, ushbu barcha omillarni inobatga olgan holda, “katta ikkilik” operatorlari hech qanday quvonchli istiqbolni kutmasa ham bo‘ladi, har bir real achchiq dori oladi xolos, abonentlarni ham shu kutmoqda, - xulosa qiladi jurnalist, - O‘z navbatida, hali katta daromad olmayotgan va balki mutlaqo daromad qilmayotgan UMS va Uzmobile operatorlari bu o‘yindan chetda turishadi. Ushbu konkret vaziyatda pul bo‘lmasa, muammo ham yo‘q, pul bo‘lsa esa, muammodan ko‘pi yo‘q”.

Ayrim tahlilchilarning xulosalariga binoan, shakllangan vaziyat aynan yangi operatorlarga qo‘l keladi: gigantlar tariflarni oshirsa, barchaning narxlari tenglashadi, shunda bozorning yangi ishtirokchilari o‘z loyihalarini amalga oshirishga kirishishlari mumkin bo‘ladi, negaki abonentlar soni ko‘payib boradi.

Nima bo‘lganda ham, barcha kompaniyalarning birlamchi strategiyasi abonentlar xarajatlarini kamaytirishdan iborat bo‘ladi. Ular hozir ham mobil aloqa, internet paketlar va boshqa xizmatlar narxlarini bozor imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tushirib bormoqda. Tushumni o‘stirish yo‘llarini qidirish kerak, ammo bu faqat narx oshirish bilan emas, yangi servislar yaratish, ulardan foydalanish darajasini oshirish yo‘li bilan ham ta'minlanishi mumkin. Shu bois asosiy tariflar va optsiyalar past narxda saqlanib qoladi.

Eldor Asanov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish