O‘zbekiston | 14:29 / 19.01.2016
4248
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon shahrida “Oila” savdo markazi foydalanishga topshirildi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida “Oila” savdo markazi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, Zarafshon shahrida 2015 yilda xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 81 loyiha amalga oshirilib, 118 yangi ish o‘rni yaratildi. Zamonaviy ko‘rinishda barpo etilgan “Oila” savdo markazi joriy yilda bu yo‘nalishdagi dastlabki loyihalardan biri bo‘ldi.

– Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Zarafshon filialidan olingan 330 million so‘mlik kredit mablag‘i qo‘l keldi, – deydi “DEFDSh” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori Sherzod Ismatov. – Bu yerda aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan kundalik mahsulotlar keng o‘rin olgan. Eng muhimi, kollejni bitirgan bir necha yoshlar ish bilan ta'minlandi. Mamlakatimizda aholi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga hissa qo‘shayotganimizdan xursandmiz.

Tadbirkor servis sohasini yanada rivojlantirish maqsadida non va qandolat mahsulotlari sexi, oshxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirmoqda. Bu yana 5 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.