Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda ozod etilgan eronliklar o‘z vatanlariga qaytishni istashmadi
AQShda Eron bilan mahbuslarni o‘zaro almashish doirasida ozod etilgan eronliklar o‘z vatanlariga qaytishni istashmadi va AQShda qolishni lozim topishdi. Bu haqda vaziyat bilan tanish amaldorlarga iqtibos keltirgan holda ABC telekanali ma'lum qildi.
Hammasi bo‘lib Eronda ushlab turilgan 5 nafar amerikalikni 7 nafar eronlikka almashtirish ko‘zda tutilgandi. O‘tgan yakshanba kuni ularning barchasi betaraf hududga – Jyenevaga yetkazilishi kerak edi. Bu yerda mahbuslar bilan o‘zaro almashish amalga oshirilishi kerak edi.
Biroq telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, ozod etilgan eronliklardan birortasi samolyotga o‘tirmagan. Ozod qilingan 7 nafar eronlikdan 6 nafari Eron fuqaroligidan tashqari AQSh fuqaroligiga ham ega. Ularning o‘zlari Eronga qaytishni istashmagan, chunki bu yerda ularning oilalari bor.
Biroq samolyot Jyenevaga baribir uchib ketgan, chunki u Eronda ozod qilingan amerikaliklarni Germaniyaning Landshtul shahriga yetkazishi kerak edi. USA Today nashri ma'lumotlariga ko‘ra, bu yerda ozod etilgan amerikaliklar harbiy shifoxonada davolanadilar.
ABC’ning ma'lum qilishicha, ozod etilgan 5 nafar amerikalikdan 3 nafari – The Washington Post nashri jurnalisti Jyeyson Rezayan, AQShning sobiq askari Amir Hikmatiy va nasroniy pastor Said Abediniy Jyenevaga uchib kelgan. Yana bir ozod etilgan amerikalik Metyu Trevizik tijoriy reys bilan AQShga uchib ketgan. 5-mahbus Nusratulloh Husraviy esa Eronni tark etishdan bosh tortgan.