Texnologiya | 23:15 / 22.01.2016
5043
1 daqiqa o‘qiladi

Microsoft kompaniyasi Lumia model qatori va Windows 10 Mobile operatsion tizimi ustida ishlarni to‘xtatmoqda

Microsoft kompaniyasi Lumia smartfonlari ishlab chiqarishni va Windows 10 Mobile operatsion tizimi ustida ishlashni to‘xtatishini e'lon qildi, deb xabar bermoqda GSMArena.

Nashrning ta'kidlashicha, bu haqdagi axborot Microsoft‘ning hamkorlari uchun uyushtirilgan maxsus anjumanda ma'lum qilindi.

Shu tariqa, kompaniyaning Lumia model qatoridagi oxirgi smartfoni yaqinda e'lon qilingan Lumia 650 bo‘ladi. Smartfon 5 dyuymli, 1280x720 nuqtali displey bilan jihozlanadi va Qualcomm Snapdragon 210 yoki Qualcomm Snapdragon 212 protsessorida ishlaydi. Yangi smartfon 2016 yil 1 fevralda namoyish qilinadi.

Shu vaqtning o‘zida kompaniyaning hamkorlari tomonidan Windows 10 Mobile negizidagi smartfon va planshetlar ishlab chiqarilishi to‘xtatilmaydi. O‘zgarishlar bevosita Microsoft’gagina taalluqli bo‘ladi.