O‘zbekiston | 22:18 / 22.01.2016
5539
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Yevropaga 91,2 mln dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qiladi

15-24 yanvar kunlari Germaniya poytaxti Berlinda dunyodagi eng yirik “Yashil hafta-2016” qishloq xo‘jaligi yarmarkasi hamda jahon davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Bu yili ko‘rgazma ishida 68 ta davlatdan, xususan O‘zbekistondan 1730 tadan ko‘proq kompaniya va fermer xo‘jaliklari ishtirok etdi.

Sammitda yuqori lavozimdagi shaxslar, jumladan 65 ta davlat qishloq xo‘jaligi vazirlari va qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati kompaniyalarining 655 nafar rahbari ishtirok etdi.

“Yashil hafta” yarmarkasi qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, bog‘dorchilik va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida erishilgan oxirgi yutuqlarni namoyish qiluvchi yirik ko‘rgazma hisoblanadi.

Ko‘rgazmada asosiy e'tibor ekologik toza sharoitlarda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlariga qaratildi.

Joriy yilda ko‘rgazmaga 400 mingdan ko‘proq odam tashrif buyurdi. Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

O‘zbekistondan yarmarkada oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zvinosanoat-xolding” XK, “O‘zdonmahsulot” AK, bir qator tashqi savdo kompaniyalari hamda Fermerlar va fermer xo‘jaliklari kengashi vakillari ishtirok etdi.

180 kvadrat metrga yoyilgan O‘zbekiston ekspozitsiyasi mutaxassislar va ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda mevalar, sabzavotlar va poliz ekinlari, quruq mevalar, yog‘-moy va vinochilik mahsulotlari, ziravorlar, soklar, jyemlar, turli konservalangan mahsulotlar hamda to‘qimachilik sanoati mahsulotlari namoyish qilindi.

Ko‘rgazma natijalariga ko‘ra, Yevropa davlatlariga 91,2 mln dollardan ko‘proq qiymatlik meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnoma va kelishuvlar imzolandi.