Jamiyat | 11:03 / 22.01.2016
4221
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir yil davomida YTHlar tufayli 150 avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi

Toshkentda 2015 yil davomida 150 nafar avtobus haydovchisi yo‘l-transport hodisalariga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Sputnik agetligi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tayangan holda ma'lumot bermoqda.

Umuman olganda, o‘tgan yili jamoat trasporti haydovchilari poytaxtda jami 5 ming qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan.

“Bir necha yil muqaddam Toshkent ko‘chalarida avtobus haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi bilan bog‘liq vaziyat muammoli edi, - dedi agentlikning suhbatdoshi. – Bu masalalar hukumat va YHXB vakillari ishtirokidagi maxsus komissiya darajasida ko‘rib chiqildi. Natijada poytaxtlik yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida kompleks chora-tadbirlar va mexanizmlar ishlab chiqildi”.

Buning natijasida, ta'kidlanishicha, o‘tgan yili Toshkentda jamoat transporti ishtirokidagi YTH soni 33 foizga kamaygan, avtobus haydovchilari aybi bilan sodir etilgan hodisalar soni 37.6 foizga, og‘ir oqibatlarga olib kelgan YTH soni 100 foizga qisqargan.