Jahon | 10:57 / 23.01.2016
3872
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Obama FQBning yangi binosi qurilishi uchun Kongressdan 1,4 mlrd dollar so‘raydi

AQSh prezidenti Barak Obama Kongressdan Federal Qidiruv Byurosining (FQB) yangi binosi qurilish uchun 1,4 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ni ajratishini so‘raydi. Ma'lum qilinishicha, Oq uy 9 fevral kuni keyingi moliyaviy yil byudjyetiga shunday punkt qo‘shilishini so‘rab murojaat qiladi.

"Prezident ma'muriyati FQBning yangi binosi qurilishi uchun 1,4 mlrd dollar miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini so‘raydi. Kongress keyingi moliyaviy yil byudjyetida bu maqsad uchun 390 mln dollar miqdoridagi mablag‘ ajratishni maqullab bo‘lgan", deyiladi xabarda.

Oq uy yangi binoni qurish uchun pudratchilar o‘rtasida tender e'lon qilishni mo‘ljallamoqda. Qayd etilishicha, FQBning yangi binosi 200 ming kv. m maydonda quriladi. U Vashingtonga yaqin bo‘lgan hududda, Merilend yoki Virjiniya hududida joylashishi ham mumkin. Tender g‘olibi Pensilvaniya-avenyuda joylashgan FQBning eski binosini qayta qurish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ayni vaqtda FQBning afsonaviy direktori Edgar Guver nomidagi (u 50 yilga yaqin vaqt davomida FQB rahbari bo‘lgan) bino AQSh maxsus xizmatlarining markaziy ofisi hisoblanadi. Lekin bu bino uzoq vaqt ichida eskirib ketgani tufayli xodimlar Vashingtonning turli chekkalaridagi bo‘limlarda faoliyat ko‘rsatishadi.

Bu binoning to‘la qayta qurilishi uchun 14 yil hamda 1,7 mlrd dollar ketishi hisoblab chiqilgan.