Sport | 08:52 / 23.01.2016
4280
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Infantinoni FIFA prezidentligi uchun saylovda qo‘llab-quvvatlaydi

Rossiya Futbol uyushmasi prezidenti hamda mamlakat Sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko UYeFA bosh kotibi Janni Infantinoni FIFA prezidentligi uchun saylovda qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi.

"Yevropa oilasi (UYeFA) tarkibidagi federatsiyalar rahbarlari hamda bosh kotiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda FIFA prezidentligi uchun saylov masalasi muhokama etildi. Saylovda UYeFA nomidan Janni Infantino qatnashadi. U bizning nomzod. Yevropa bu saylovda bitta front bo‘lib ishtirok etadi. Shunday ekan, Rossiya Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi.

Infantino 15 yildan buyon UYeFAda ishlab kelmoqda. U bosh kotib, hurmatga sazovor kishi. U boshqa konfederatsiyalar, Afrika va Osiyo bilan munosabatlarni yaxshi tushunadi.

Endi Osiyo va Afrikada uning nomzodiga qanday qarashlarini aniqlash kerak. Uning imkoniyatlarini baholash kerak. Albatta, Afrika va Osiyodan yagona nomzod bo‘lgani to‘g‘ri bo‘lardi. Ko‘ramiz, biz hali saylovoldi bosqichidamiz, oldinda vaqt bor", deydi Mutko.

FIFAning yangi prezidentini aniqlash uchun saylov Tsyurix shahrida 26 fevral kuni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, FIFA prezidentligi uchun Infantinodan tashqari shayx Salmon ibn Ibrohim Al-Xalifa, Iordaniya shahzodasi Ali bin Al-Husayn, FIFAning sobiq bosh kotibi Jyerom Shampan va janubiy afrikalik millioner Tokio Seksvale kurash olib borishmoqda.