Sport | 19:46 / 24.01.2016
4767
2 daqiqa o‘qiladi

Utkin va bir qator sharhlovchilar «Match TV» kanalining shtatdagi xodimlari ro‘yxatidan chiqarildi

Vasiliy Utkin, Aleksey Andronov, Kirill Dementev, Aleksandr Yelagin, Vladislav Baturin va Elvin Kerimov kabi sharhlovchilar «Match TV» telekanalida shtatdan chiqarildi. Bu haqda krasnodarlik jurnalist Artur Karatay o‘z tvitterida ma'lum qilgan.

Endi bu sharhlovchilar telekanalda gonorar asosida ishlashi mumkinligi aytilmoqda. Georgiy Cherdantsev esa odatdagi tartibda ishlashda davom etadi.

22 yanvar kuni «Match TV» rahbariyati sharhlovchilar tarkibida qisqartirishlar amalga oshirishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, bir qator yetakchi sharhlovchilar ishdan ketishi, ular qatorida Vasiliy Utkin hamda Georgiy Cherdantsev nomlari ham borligi aytilgandi.

20 yanvar kuni Vasiliy Utkin «Match TV» telekanalidan ketayotgani haqida ma'lum qilgandi. U 2016 yilda Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan olimpiadaga bag‘ishlangan «Rio jdet» ko‘rsatuvidagi ishtirokini to‘xtatgani, ishdan ketishiga YeChLning guruh bosqichi doirasidagi «Bayyer» va «Barselona» bahsi vaqtida uxlab qolgani sababligi haqida aytgandi.

VGTRK va «NTV-Plyus» bazasida tashkil etilgan «Match TV» 2015 yilning 1 noyabrida namoyishlarni boshlagandi. Kanalning bosh prodyuseri Tina Kandelaki hisoblanadi.