O‘zbekiston | 10:47 / 25.01.2016
2983
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi «O’ztadbirkoreksport» va «O’zsanoateksport» AJni ro‘yxatdan o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi «O’ztadbirkoreksport» va «O’zsanoateksport» aksiyadorlik jamiyatini ruyxatga oldi, deya xabar bermoqda UzDaily.

Manbaga ko‘ra, «O’ztadbirkoreksport» AJ 12 yanvar kuni dastlabki ustav kapitali 13,43 mlrd. so‘mda, «O’zsanoateksport» AJ esa 14 yanvar kuni dastlabki ustav kapitali 15,50 mlrd so‘m holatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 31 dekabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tuzilmalarini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzolagandi.

Mazkur Qarorga ko‘ra, «O‘zmarkazimpeks» va «O‘zinterimpeks» AJ tugatilgan va ushbu kompaniyalar bazasida «O’ztadbirkoreksport» AJ tuzilishi belgilab qo‘yilgandi.

Yaratilgan aksiyadorlik jamiyati kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga, shuningdek, dehqon va fermer xo‘jaliklariga o‘z mahsulotlarini eksport qilishda yordam beradi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti qaroriga ko‘ra, «O’zsanoateksport» AJ «O‘zprommashimpeks» va «Markazsanoateksport» AJ bazasida tashkil etilgan. U mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari sanoati va boshqa soha korxonalariga rivojlanish va mahsulotlarni eksport qilishda ko‘maklashadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish