Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Antarktidani bir o‘zi kesib o‘tishga harakat qilgan britaniyalik tadqiqotchi muvaffaqiyatsizlikka uchrab, olamdan o‘tdi
Britaniyalik tadqiqotchi Genri Uorsli, Antarktidani bir o‘zi kesib o‘tgan ilk odamga aylanish uchun harakati vaqtida muvaffaqitsizlikka uchradi. U marraga yetishiga 50 kilometr qolganda to‘xtagan va qutqaruv signalini yuborgan. Tadqiqotchi Chilidagi shifoxonaga keltirilgach, jon bergan. Bu haqda The Guardian nashri xabar tarqatgan.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Britaniya armiyasi sobiq zobiti 2015 yilning noyabrida marshrutini boshlagan va 80 kun ichida o‘z maqsadiga erishishni mo‘ljallagan. U 1770 km masofadagi yo‘lga o‘zi bilan chana, chodir, oziq-ovqat va boshqa uskunalar olib chiqqandi. U murakkab ob-havoga duch kelgan, havo harorati 44 daraja sovuqqacha pasaygan.
55 yoshli Uorsli safari boshlanganidan 71 kun o‘tib, manzilga yetishiga 50 km masofa qolganida yo‘lini davom ettira olmay qolgan va yordam so‘rab signal jo‘natgan. Bunga uning sillasi qurigani va organizm haddan ziyod holdan toygani sabab bo‘lgan.
22 yanvar kuni vertolyot orqali uni Chilidagi Punta-Arenas shahri kasalxonasiga keltirishgan va unga bakterial peritonit tashxisi qo‘yilgan. Unda operatsiya o‘tkazilgan biroq, u 24 yanvar kuni vafot etgan.
Uorsli janubiy yarim sharda Ernest Genri Sheklton boshlagan ishni tugatib qo‘ymoqchi edi. 1914 yilda Sheklton jamoasi bilan Antarktidani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan, ammo muzli qopqonga tushib qolib, ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.
