Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda dollar banknotidan “In God We Trust” iborasini olib tashlash taklif qilindi
AQShda dollar banknotidan mamlakatning rasmiy shiori “In God We Trust” (“Tangriga ishonamiz”) iborasini olib tashlash taklifi bildirildi. Tegishli arz Ogayo shtatidagi ateistlar guruhi tomonidan Akron shahri federal okrug sudiga berildi, deb xabar bermoqda World Religion News portali.
Arzchilarning vakili Maykl Nyudou ushbu ibora AQShning Konstitutsiyasiga xilofligini, chunki unda cherkov davlatdan alohida bo‘lishi kerakligi ta'kidlanganini aytgan. Agar sud arzni qo‘llab-quvvatlasa, unda ushbu shior yangi qog‘oz pullarga bosilmaydi.
Ushbu tashabbus odamlar orasida turli fikrlarni yuzaga keltirdi. Jumladan, AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlardan biri Ben Karson o‘zining Twitter’dagi blogida ushbu tashabbusga qarshi chiqdi. The Daily Beast nashri sharhlovchisi Kandida Mossning aytishicha, bu ibora sovuq urush vaqtlarida shior sifatida qabul qilingan. AQSh hukumati bu shiorni sovet ateizmga qarshi qo‘yish uchun qo‘llagan.
Nyudou birinchi marta sudda davlatga qarshi chiqmayapti. O‘tgan yili u AQSh bayrog‘iga vafodorlikka qasamyod matnidan “Tangri ostida” so‘zlarini olib tashlash bo‘yicha ishni yutqazgandi.
In God We Trust iborasi birinchi marta 1864 yilda AQSh tangasida paydo bo‘lgan. Ushbu ibora shior sifatida 1956 yilda qabul qilingan. 2002 yilda qonunchilik bu iboraning AQSh bayrog‘iga vafodorlikka qasamyod sifatida qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlagandi. 2011 yilda AQSh Kongressi vakillar palatasi a'zolari bu iboraning AQShning milliy shiori sifatidagi maqomini tasdiqlovchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan.