Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jan-Klod Yunker: Shengen hududining yo‘q bo‘lib ketishi YeIning mavjudligiga xavf soladi
Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker "Yevropa Ittifoqi muhojirlar muammosiga bag‘ishlab navbatdan tashqari sammit o‘tkazishi kerak" degan bayonot bilan chiqdi.
Ma'lumki, 2015 yilning 18 dekabrida bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida YeI Yevrokomissiyaning chegaralarni muhofaza qilish masalasida tashkil etilgan Frontex agentligi bazasida yangi chegara va sohil qo‘riqlash xizmati tashkil etish borasidagi taklifini ma'qullagan edi. Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker Shengen hududining yo‘q bo‘lib ketishi YeIning mavjudligiga xavf solishidan ogohlantirdi.
Yevrokengash rahbari Donald Tusk Shengen hududi 2 oydan keyin o‘z faoliyatini tugatishi mumkinligini aytdi. Siyosatchining fikricha, Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi vizasiz tartib agar davlatlar muhojirlar bilan bog‘liq masalani hal qila olmasa, bekor qilinishi mumkin. Tuskning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi agar o‘zining tashqi chegaralari xavfsizligini ta'minlay olmasa, “siyosiy loyiha sifatida inqirozga uchraydi”.
Ayni paytda noqonuniy muhojirlikning oldini olish maqsadida Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Germaniya, Fransiya, Malta va Avstriyada chegara nazorati amalga oshirilmoqda. Vena 16 yanvarda bunday amaliyotga qaytishini e'lon qildi. Avstriya federal kansleri Verner Fayman bunday choralarning ko‘rilishini YeIning tashqi chegaralarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ishining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi bilan tushuntirdi.
“Bunday vaziyatda har bir davlat o‘z chegaralarini nazorat qilishi kerak”, deb aytdi Fayman.
Makedoniya rasmiylari qo‘shni Gretsiya bilan chegaralarini vaqtincha berkitishga qaror qildi. Ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat hududlariga noqonuniy muhojirlarning kirib kelishi oldini olishdan iborat.
Germaniya Kantsler Angela Merkel Xristian-sotsialistlar Ittifoqi tomonidan muhojirlarni qabul qilishda limit joriy qilish to‘g‘risidagi taklifini rad qildi.
2016 yilda Germaniyaga o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p muhojir kelishi kutilmoqda. Bu xaqda Quyi Saksoniya federal o‘lkasi bosh vaziri Shtefan Vayl bayonot berdi. Uning so‘zlariga qaraganda, vaziyat o‘zgarmaydigan bo‘lsa, u holda bu yil Germaniyaga 2 milliondan ortiq muhojir kelishi mumkin. Biroq politsiya vakillarining aytishicha, so‘nggi kunlarda mamlakatga kelayotgan muhojirlar oqimi qisqargan. O‘tgan haftaning dam olish kunlarida Avstriya-Germaniya chegarasidan 5 ming 200 nafarga yaqin muhojir o‘tgan bo‘lsa, dushanba va seshanba kunlari 1 ming 700 nafarga yaqin muhojir Germaniyaga kelgan.
Avstriyada qabul qilinadigan muhojirlar soni rasman cheklab qo‘yildi. 2016 yilda mamlakat boshpana berishni so‘rab murojaat etganlardan faqat 37 ming 500 kishini qabul qiladi. Shu bilan birga 2019 yilgacha qabul qilingan muhojirlar soni 127 ming 500 kishidan oshib ketmasligi kerak. Chorshanba kuni hukumat shunday qarorni qabul qildi.
“Biz boshpana so‘raganlarning hammasini qabul qila olmaymiz”, — dedi federal kansler Verner Fayman.
Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni Avstriya kansleri Shengen kelishuvi vaqtincha to‘xtatilganini ma'lum qilgan edi.
Yevropa yaqin 6-8 hafta mobaynida muhojirlar oqimini qisqartirishi kerak. Bu xaqda Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte bayonot berdi. U Yevroparlamentda qilgan chiqishida Niderlandiya Yevropa Ittifoqiga yarim yil davomida raislik qilar ekan, muhojirlar muammosiga ustuvor masala sifatida qarashini bildirdi. U Yevropaga kelayotgan muhojirlar oqimi haddan ziyod ko‘pligini ta'kidlab o‘tdi.
Muallif: Sharofiddin To‘laganov