Texnologiya | 20:37 / 26.01.2016
2922
2 daqiqa o‘qiladi

Bir yil ichida AQShda 87,5 million avtomobil qaytarib olindi

AQSh Yo‘l xavfsizligi milliy ma'muriyati (NHTSA) 2015 yilda mamlakat hududida avtomobil markalari tomonidan o‘tkazilgan qaytarib olish kampaniyasi to‘g‘risidagi hisobotni e'lon qildi, deb yozmoqda Carzone.uz. Unga ko‘ra, avtokompaniyalar umumiy miqyosda 973 marotaba turli sabablarga ko‘ra mahsulotlarini qaytarib oldi. Bu NHTSA tomonidan 1995 yildan buyon yuritilayotgan statistikalar davrida qayd etilgan rekord natijadir.

12 oy davomida ishlab chiqaruvchilar hisobidan ta'mirlash markazlariga 87 million 596 ming 264 dona avtomobil chaqirib olindi. 2014 yilda esa 779 marotabalik qaytarib olish to‘g‘risidagi e'lon 61 mln 327 ming 389ta mashinaga taalluqli bo‘lgan edi. 1995 yilda 348 marta chaqiruv e'lon qilinib, 19 mln 27 ming 724 dona mashinadagi nosozlik bartaraf etilgan.

O‘tgan yili eng ko‘p Takata xavfsizlik yostiqlaridagi nosozlik sababli avtomobillar qaytarilgan. Ushbu nosozlik sababli 24,5 million avtomobil kompaniyalar hisobidan bepul ta'mirlandi. Ayniqsa, “Xonda” ushbu nuqsondan eng ko‘p zarar ko‘rdi.

2015 yil sentabri o‘rtalarida Amerikaning atrof-muhit bo‘yicha agentligi (YeRA) Volkswagen konsernini dizelli dvigatellarida atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini kamaytirib ko‘rsatadigan dasturiy ta'minotdan foydalanganlikda ayblagani yodingizda bo‘lsa kerak. Shundan so‘ng kompaniya butun dunyodagi 11 million avtomobiliga motor hajmidan kelib chiqqan holda boshqa dasturiy ta'minot o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Ushbu mashinalarning katta qismi aynan Amerika bozorida sotilgan.