Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘ona viloyatida baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari soni 238taga yetdi
Farg‘ona viloyatida baliqchilikka ixtisoslashgan 238 fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zA xabariga ko‘ra, tarmoqda samaradorlikni yanada oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tufayli 2015 yilda viloyatda 35 baliqchilik fermer xo‘jaligi tashkil etildi.
Viloyatda 2015 yilda baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan 4 ming tonnadan ortiq baliq ovlandi.
– Xo‘jaligimizda baliq yetishtirish hajmi yildan-yilga oshmoqda, – deydi Farg‘ona shahridagi “O‘roqboy” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Mamajonov. – O‘tgan yili aholi dasturxoniga 50 tonnadan ziyod baliq yetkazib berdik.
Baliqchilikni yanada rivojlantirish, uning zaxirasini ko‘paytirish, intensiv usulda baliq yetishtirish, aholini sifatli va nisbatan arzon mahsulot bilan ta'minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Mutaxassislar ishtirokida ilg‘or tajribalarni qo‘llash, tabiiy suv havzalari qirg‘oqlari atrofiga to‘r o‘rnatish borasida innovatsion loyihalar amalga oshirilayotir. 87 hovuzda “qafas” usulida baliq chavoqlari o‘stirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan bunday izchil ishlar samarasida baliq va baliq mahsulotlarini savdo do‘konlari, bozor rastalarida yilning istalgan faslida ko‘rish mumkin. Bu davlatimiz tomonidan tarmoqni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani, tabiiy suv havzalaridan foydalanishning huquqiy mexanizmlari takomillashtirilib, bunday havzalar barpo etish uchun zarur yer uchastkalari ajratilayotgani samarasidir.