Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peskov Putin va uning sobiq rafiqasining shaxsiy hayoti haqidagi savollarga javob berishni istamadi
Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov OAVda tarqalgan prezidentning sobiq rafiqasi turmush qurgani haqidagi xabarlarga izoh berishni istamadi. Bu haqda "Interfaks" xabar tarqatgan.
"Siz bilasizki, Vladimir Vladimirovich va Lyudmila Aleksandrovna ajrashishgan. Men bu vaziyatda jim turishga hamda Lyudmila Aleksandrovna haqida, uning shaxsiy ishlari haqida hech qanaqa gap gapirmaslik huquqiga egaman", deydi Peskov.
Matbuot kotibi Putinning kelajakda o‘ziga boshqa umr yo‘ldoshi topishi ehtimollari haqidagi savolni ham ochiq qoldirgan.
"Men an'analarni buzmoqchi emasman va prezidentning shaxsiy hayoti haqida gapirmayman", degan u.
Biroz oldinroq, OAVda Vladimir Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Putina turmushga chiqqani haqida xabar paydo bo‘lgandi.
Vladimir va Lyudmila Putinlar 2013 yil 6 iyunda ajrashishga qaror qilishganini ma'lum qilishgan. Ular deyarli 30 yillik birgalikdagi turmushdan keyin ajrashishgan. 2014 yilda Putin rossiyaliklar bilan o‘tkazgan “jonli muloqot” vaqtida kelgusi shaxsiy hayoti haqidagi savolga hazilomuz tarzda avval o‘zining sobiq rafiqasini turmushga berishi kerakligini, so‘ngra uylanish haqida o‘ylab ko‘rishini aytgandi.