Sport | 18:36 / 26.01.2016
4718
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik sharhlovchi: Futbolchilarimizga Yevropada qiziqish yo‘q, «Latsio» qiziqayotgan Denisov esa o‘zbekistonlik

Rossiyaning «Match TV» telekanali sharhlovchisi Gennadiy Orlov «Spartak»ning endilikda sobiq yarimhimoyachisiga aylangan Roman Shirokov haqida fikr bildirarkan, Yevropada rossiyalik futbolchilarga qiziqish qolmaganini ta'kidlab o‘tdi.

«Shirokov erkin agent maqomida yuribdi, ammo u biror joyda o‘ynashi oson emas. Chunki uning xarakteri har bir murabbiyni Romanni taklif etish oldidan o‘ylantirib qo‘yadi. Boz ustiga qaysi klub u talab qilgan miqdorda katta pulni berishi mumkin?»

«Rossiya terma jamoasi manfaatidan kelib chiqsak, Shirokov tezroq biror klub topishi kerak. Ammo unga kim taklif bilan chiqarkin? Xorij klublarimi? Kim u bilan qiziqadi? Kokorin «Arsenal»ga o‘tishi haqida bir oy to‘xtamay gapirishdi, ammo londonliklar buni tasdiqlagani yo‘q», deya gapirdi Orlov.

Yevropa jamoalarining qiziqishi borasida to‘xtalgan sharhlovchi qiziqish bo‘layotganlar orasida Vitaliy Denisovning borligiga e'tibor qaratdi.

«Hozir vaziyat shundayki, rossiyalik futbolchilarga Yevropadan mutlaqo qiziqish yo‘q. Hatto «Latsio» qiziqish bildirayotgan Vitaliy Denisov ham rossiyalik emas, balki O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi», - deya Orlovdan iqtibos keltiradi «Sovetskiy Sport» nashri.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq «Latsio» Vitaliy Denisov sotib olish borasida Moskvaning «Lokomotiv» klubi bilan muzokara boshlagani xabar qilingandi.

Vitaliy Denisov "Latsio" safiga o‘tishi mumkin

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish