Texnologiya | 23:03 / 26.01.2016
4123
2 daqiqa o‘qiladi

Yangilangan «Mersedes» S-Class modeli E-Class “avtopiloti” bilan jihozlanadi

Carscoops nashri ixtiyoriga yangilangan Mercedes-Benz S-Class sedanining yangi suratlari kelib tushdi. Sinov prototipida maxsus datchiklar va kameralarni yashirish maqsadida radiator panjarasi berkitilganidan ko‘rinishicha, mashina yangilangandan keyin takomillashgan avtonom haydash tizimi bilan jihozlanadi.

Ehtimol, yangilangan S-Class modeli joriy yilning boshida namoyish qilingan yangi avloddagi E-Class modelining Drive Pilot tizimi bilan jihozlanadi. Hozirgi S-Class’ga o‘rnatiladigan adaptiv kruiz-kontrol Distronic Plus’dan farqli, yangi tizim avtomobilni 30 km/soat tezlikkacha emas, balki soatiga 210 km tezlikkacha tezlashtira va sekinlashtira oladi.

Distronic Plus tezlikni oshirish holatida haydovchidan 10-15 soniyadan keyin qo‘llarini rulga qaytarishni so‘raydi. Drive Pilot esa yo‘ldagi sharoitlardan kelib chiqib bu haqda 60 soniyadan keyin signal beradi. Bundan tashqari, adaptiv kruiz-kontrolning yangi versiyasi yo‘ldagi chiziqlarning yomon ko‘rinishi holatida ham qo‘shni oqimdagi mashinalarni “ko‘radigan” datchiklariga evaziga 130 km/soatgacha tezlikda ishlaydi.

Yangilangan S-Class o‘zgacha bosh yorug‘lik faralari bilan ta'minlanadi. Modellarda keyingi avloddagi Multibeam “aqlli” faralari ham qo‘llanishi mumkin. Ular, misol uchun, yo‘l chetidagi odamlar va hayvonlarni taniy oladi va ularga avtomatik ravishda yorug‘lik tushiradi. Bundan tashqari, mashina salonida kattalashtirilgan raqamli displey hamda ko‘rinishi o‘zgartirilgan rul chambari paydo bo‘ladi.

Mercedes-Benz S-Class’ning yangi versiyasi 2017 yilda namoyish qilinishi taxkin qilinmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish