Jahon | 19:06 / 27.01.2016
4964
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: AQSh boylarga soliqdan qochishga yordam beruvchi jahonning asosiy ofshoriga aylandi

AQSh hukumati shveysar banklariga mijozlar haqida ma'lumot berishdan bosh tortgani uchun muntazam bosim o‘tkazishiga qaramasdan, AQShning o‘zi boylarga soliqdan qochishga yordam beradigan yangi asosiy ofshorga aylandi. Bu haqda huquqshunoslar, tahlilchilar va ekspertlarga iqtibos keltirgan holda Bloomberg agentligi ma'lum qilmoqda.

Agentlik Rothschild & Co’ning boshqaruvchi direktori Endryu Pennining ma'ruzasiga iqtibos keltirmoqda. Pennining ta'kidlashicha, AQSh “yangi soliq jannati yoki yangi Shveytsariyaga” aylanib bo‘lgan. AQSh ma'lumotlarni oshkor qilishning yangi standartlarga o‘tishga shoshmayapti, buning oqibatida bozorda boylarga soliqlardan qochishga yordam beruvchi yangi soha paydo bo‘lmoqda. Bunday biznes Nevada, Vayoming va Janubiy Dakota shtatlarida juda ham rivojlanib ketgan.

“Shveytsariya banklariga tazyiq o‘tkazadigan AQSh, mantiqqa to‘g‘ri kelmasada, hozirda bank sirlarining homiysiga aylandi”, deb shveysariyalik huquqshunos Peter Kotorcheanuning aytganlarini keltirmoqda agentlik.

“Soliq to‘lashdan qochish” xizmatini taqdim qilishdan Rothschild & Co. ham foyda ko‘radi, u Nevadada o‘zining idorasini ochgan va hozirda yevropalik badavlat odamlarning, misol uchun moliyaviy oydinlikning yangi standartlariga o‘tgan Bermud orollaridagi pullarini o‘tkazish bilan shug‘ullanmoqda.