Texnologiya | 19:31 / 27.01.2016
6489
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyaning Talgo kompaniyasi O‘zbekistonga sentabr boshigacha ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd yetkazib beradi

Ispaniyaning Talgo kompaniyasi tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar yetkazib berilishining dastlabki muddatlari ma'lum bo‘ldi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJdagi manbaning Sputnik muxbiriga ma'lum qilishicha, Talgo poyezdlarni 2016 yilning sentabrigacha yetkazib berishni yakunlashni rejalashtirmoqda. Shartnomada 4 ta bosh va 20 ta yo‘lovchi vagonlari hamda 2 ta vagon-restoranlarning sotib olinishi ko‘zda tutilgan. Bu vagonlardan ikkita tarkib shakllantiriladi, ulardan har biri 287 nafargacha yo‘lovchi tashiy oladi.

Manbaning aytishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” poyezdlar uchun 30 foizlik avans to‘lovini o‘tkazgan, ispaniyaliklar esa poyezdlarning asosiy konstruksiyasini yasash bo‘yicha ishlarni boshlab yuborishgan. Manbaning ta'kidlashicha, poyezdlar muddatidan avval yetkazib berilishi mumkin. chunki ispanlar poyezdlar uchun butlovchi qismlarni tayyorlash uchun buyurtmani o‘zining bir nechta zavodiga berishi hisobiga vaqtni tejaydi.

Poyezdlarning yetkazib berilishi bo‘yicha shartnoma 2015 yilning dekabrida imzolangandi. Shartnomaning qiymati rasman oshkor etilmagan, biroq ekspertlarning baholashicha, uning qiymati 50 mln dollardan ko‘proqni tashkil qilishi mumkin.

Yangi poyezdlar Toshkent-Buxoro yuqori tezlikdagi liniyada ishlatilishi rejalashtirilmoqda. Bu liniya joriy yilning avgust oyi oxiriga qadar foydalanishga kiritiladi. Liniyani qurishning umumiy qiymati 400 mln dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. Harakatlanish ishga tushirilgach, yo‘lovchilar va yuklarni yetkazib berish 2 soatga, ekspluatatsion xarajatlar 30 foizga qisqaradi.

O‘zbekistonda Talgo kompaniyasining 4 ta bosh va 18 ta yo‘lovchi vagonidan iborat ikkita tarkibdan 5 yildan beri foydalanilmoqda. Ular O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan qadimiy shahar sharafiga “Afrosiyob” deb atalgan va Toshkent-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Ayni paytgacha bu poyezdlarda 750 mingdan ko‘proq yo‘lovchi tashilgan.