Sport | 19:22 / 27.01.2016
6326
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda so‘nggi 12 yil ichida 88 sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi

Navoiy viloyatida 2003-2015 yillarda 88 sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi. 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, 120 turdagi sport anjomlari bilan jihozlangan inshootlarning aksariyati qishloq hududlarida bunyod etilgan. 

Viloyatdagi 2 ming 493 sport seksiyasida 58 mingdan ziyod yoshlar o‘zlari qiziqqan sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning qariyb 26 ming nafari qizlardir. 



– Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, jismonan va ma'nan barkamol ulg‘ayishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Navoiy viloyati filiali direktori Ulug‘bek Jabborov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2002 yilda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilishi bu borada yangi davrni boshlab berdi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har yili shahar va qishloqlarimizda muhtasham sport inshootlari, bolalar musiqa va san'at maktablari bunyod etilmoqda, zamonaviy jihozlanmoqda. Xususan, 2015 yili Qiziltepa, Karmana, Konimex, Xatirchi, Uchquduq, Navbahor tumanlarida oltita bolalar sporti inshooti foydalanishga topshirildi. Ilgari sport inshootlarida yoshlar 7-8 sport turi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 25 ga yetdi. 



Uchquduq tumanida ham sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlar safi yildan-yilga kengaymoqda. 

– Zamonaviy inshoot barpo etilib, jahon andozalariga mos jihozlangani ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini yanada oshirdi, – deydi Uchquduq tumanidagi 18-bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Sirojiddin Uzoqov. – Maktabda tashkil etilgan 16 sport to‘garagida har kuni 200 dan ziyod o‘g‘il-qiz o‘zlari xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 



O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filialidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda Qiziltepa tumanida yopiq suzish havzasi va 17-umumta'lim maktabida sport zali, Navoiy shahri, Xatirchi, Navbahor tumanlaridagi bir necha umumta'lim maktabining sport zali qurilishi rejalashtirilgan. 

Manba: O‘zA