Sport | 18:19 / 28.01.2016
7798
2 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi» murabbiyligi uchun asosiy nomzodlar ro‘yxati tuzildi

«Chelsi» rahbariyati yangi mavsumda jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan asosiy 5 nomzodni o‘rganib chiqmoqda. Londonliklarning short-listida Klaudio Raneri («Lester»), Mark Xyuz («Stok Siti»), Eddi Xau («Bornmut»), Diyego Simeone («Atletiko») va Massimiliano Allegri («Yuventus») nomlari bor. Bu haqda Telegraph nashri xabar bergan.

Bu nomzodlar orasida Simeone va Allegrining taklif etilish imkoniyatlari ko‘proqligi aytilgan. Manbaning yozishicha, «Chelsi» bu ikki murabbiydan birini jamoa joriy mavsum yakunida YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kirita olsa, taklif etmoqchi. Agar londonliklar bu vazifani uddalay olmasa va kuchli to‘rtlikka kira olmasa, qolgan nomzodlarga e'tibor qaratiladi.

Ayni vaqtda «Chelsi» APLning 24 turidan keyin turnir jadvalining 13-o‘rnida joylashgan. Jamoa kuchli to‘rtlikning to‘rtinchi vakilidan 15 ochko ortda qolmoqda.

Ayni vaqtda APL turnir jadvalida «Lester» peshqadamlik qilmoqda. Qayd etish kerakki, bu jamoa bosh murabbiyi Klaudio Raneri londonliklar boshqaruviga kelish uchun nomzodlar qatorida. Bu mutaxassis bundan oldin ham, 2000 yildan 2004 yilgacha «Chelsi»da ishlagan, jamoani Roman Abramovich sotib olgach, ishdan bo‘shatilgandi.

Ayni vaqtda «Chelsi»ni gollandiyalik mutaxassis Guus Xiddink boshqarib turibdi. U 2015 yilning 17 dekabrida Joze Mourino ishdan bo‘shatilgach, vaqtinchalikka taklif qilingandi. U bilan mavsum so‘nggigacha bitim tuzilgan.

Jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan mutaxassislardan yana biri sifatida mavsum yakunida Germaniyaning «Bavariya» jamoasidan ketishini ma'lum qilgan Xosep Gvardiola nomi ham keltiriladi. Lekin u Angliyaning boshqa bir jamoasi, «Manchester Siti» bilan kelishib qo‘ygani haqidagi xabarlar bor.