O‘zbekiston | 22:02 / 28.01.2016
4547
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash tizimini rivojlantirish uchun 130 mln dollar sarflandi

O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash tizimini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan 130 mln dollarlik dastur amalga oshirildi, deb 28 yanvarda O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida ma'lum qilindi.

Dastur doirasida sig‘imi 77,8 ming tonnani tashkil qiluvchi 114 ta yangi muzlatgich kameralari yaratildi va modernizatsiya qilindi. Dastur tijorat banklarining 68,5 mln dollarlik mablag‘lari hamda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va transportirovkalash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning 61,5 mln dollarlik mablag‘lari hisobiga moliyalashtirildi.

Vazirlikning ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda meva-sazbavot mahsulotlarini saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnagacha yetkazildi, bu esa yil davomida mamlakatimiz aholisini qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy turlari bilan uzluksiz ta'minlash, uning ekportini oshirish, narxlarni barqaror saqlashga imkon beradi.

2015 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,7 foizga, ya'ni 12,6 mln tonnagacha, poliz ekinlarining hajmi esa 1,8 mln tonnagacha (5,9 foizga oshgan), uzum mahsuloti hajmi 1,56 mln tonnagacha (11,4 foizga oshgan) yetkazildi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bu hajmdan faqatgina 500-700 ming tonnasigina MDH davlatlariga, asosan Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinadi.