Jahon | 21:23 / 29.01.2016
3048
2 daqiqa o‘qiladi

EgyptAir’da kompaniya texnigining A321 samolyotidagi teraktga aloqasi borligi haqidagi ma'lumot inkor etildi

Misrning EgyptAir aviakompaniyasi 29 yanvarda kompaniya texnik xodimining 2015 yilning 31 oktabrida Sinay yarimorolida falokatga uchragan, Rossiyaning A321 samolyotidagi teraktga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma'lumotni inkor etdi. Bu haqda aviakompaniyaning xavfsizlik xizmati vakillariga iqtibos keltirgan holda Misrning Bawabah News nashri ma'lum qildi.

Avvalroq Reuters axborot agentligi kompaniya mexanigi samolyot bortiga bomba olib o‘tganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar bergandi.

Falokat tergoviga yaqin manba ma'lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchining amakivachchasi 1,5 yil avval Suriyada IShID safiga qo‘shilgan. Bu terrorchiga samolyotga portlovchi qurilma olib o‘tishga yordam berishi mumkin bo‘lgan Sharm-esh-Shayx aeroportidagi texnik, ikki nafar politsiyachi va yuk tashuvchi hisbga olingani ta'kidlangandi.

“EgyptAir’ning bu hodisaga hech qanday aloqasi yo‘q. Kompaniya xorijiy samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlarning taqdim qilinishi uchun javob bermaydi”, deb aytildi xavfsizlik xizmatida.

Kompaniya xavfsizlik xizmati vakilining aytishicha, kompaniyaning birorta ham xodimi hibsga olinmagan va gumon qilinmayapti. Misr ichki ishlar vazirligida ham falokat bilan bog‘liq hech qanday hibsga olishlar bo‘lmagani tasdiqlandi.