Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gvardiola o‘zi va shogirdlari o‘rtasidagi munosabat yomonlashgani haqidagi xabarlarni inkor etdi
"Bavariya" jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Kicker nashrida e'lon qilingan, myunxenliklar jamoasida muhit yomonlashgani haqidagi xabarni inkor qildi.
"Mavsumning birinchi qismini mag‘lubiyatsiz o‘tkaza olmadik. Jamoaning jangovar ruhi joyida bo‘lsada, bir o‘yinni boy berdik.
Futbolchilarning murabbiy faoliyatidan norozi bo‘lishi - futbolning bir qismidir. Germaniyada ham, Timbuktuda ham, Avstraliyada ham bu qonun doimiydir. Futbolchi o‘ynay olmay qolsa, u biroz achchiqlanadi va bu tushunarli hol. Bizning jamoada muhit buzilgan emas, aksincha jangovar ruh hukmron.
Ta'tildan ba'zi futbolchilar ortiqcha vazn bilan qaytib kelishdi. Ular ko‘p emas, bir necha nafar.
Mendan shikoyat qilgan anonim futbolchimi? Uning qayerda o‘ynashini bilasizmi? Shunga o‘xshash holat mavsumning birinchi qismida yuz bergandi. Men uni bilaman.
Mening jurnalistlar orasida do‘stlarim yo‘q. Ularning telefon raqamlarini bilmayman. Men hech qachon biron jurnalist bilan birga tushlik qilmaganman. Bu yerda ularning bosimisiz bemalol ishlash mumkin", deydi Gvardiola.
Qolaversa, nemis jurnalistlarini Ispaniyadagilar bilan solishtirib bo‘lmaydi ham.
Bundan oldinroq, ismini sir tutishni istagan futbolchilardan biri "Bavariya" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola va uning shogirdlari o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgani haqida ma'lum qilgandi.
U ispaniyalik mutaxassisga futbolchilarning dam olish kunidagi mashg‘ulotlari yoqmayotgani, murabbiyga esa futbolchilarning Germaniya tashqarisiga sayyohat uyushtirayotgani yoqmayotgani haqida aytgan.
"Natijada futbolchilar klubdan elektron pochta orqali xat olishgan va endi ular ketayotgan joyini ma'lum qilishga majbur. Gvardiola uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida noxushliklar bo‘lishini istamayapti. Mutaxassis "Gamburg"ga qarshi bahsdan (2:1) oldin futbolchilardan professionalroq bo‘lishni talab qilgan. Shu bilan birga, Gvardiola futbolchilarga bo‘lgan bosimni oshirmoqda. Agar qoidalar buzilsa futbolchilar jiddiy jazolanishi mumkin", degandi manba.
Eslatib o‘tamiz, Xosep Gvardiola yozda Myunxenni tark etadi va uning o‘rniga Karlo Anchelotti kelishi hal qilingan.
Gvardiola: "Bavariya"dan ketishimga sabab, menga "yangi dushmanlar" kerak